Adabiyot maydonida "Zakovat" intellektual o‘yini
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida "Adabiyot maydonida "Zakovat" intellektual o‘yini" tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Hamyurtlarimiz, ayniqsa yoshlarning sevimli intellektual musobaqasiga aylangan ushbu o‘yinning 1-tur dastlabki bellashuvi uchun adabiyot dunyosiga o‘z ovozi, dadil ijodiy qadamlari bilan kirib kelgan eng iqtidorli ijodkorlar tanlab olindi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining "Zakovat" intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bugun yoshlarning bilim va tajribalarini boyitish va mustahkamlashda dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur tadbir ham yosh ijodkorlarning ham o‘z salohiyatlarini rivojlantirishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi. Unda "Tafakkur qilaylik", "Hilol", "Orion", "Yoy" jamoalari o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Mutaxassislarning fikricha, "Zakovat" intellektual o‘yini insonda tez, aniq, to‘g‘ri fikrlash, tezkor va oqilona qaror qabul qilish qobiliyatini yanada kuchaytiradi.
G‘oyat samimiy, jo‘shqin va zavqli tarzda kechgan "Zakovat" intellektual o‘yinida yosh ijodkorlarning adabiyot, adabiyot tarixi, noshirlik, ma’rifiy soha bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri