Adabiy festival ijod ahlini jamladi
Bo‘stonliq tumanida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlangan festival – adabiyot va san’at bayrami o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent viloyati hokimligi va hamkor tashkilotlar tomonidan birgalikda tashkil etilgan tadbirda Erkin Vohidovning farzandlari, adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar, viloyat ziyolilari, yoshlar qatnashdi.
Festivalning ochilish marosimida chinakam ma’noda adabiyotimiz va madaniyatimizning timsoliga aylangan iste’dodli adibning xotirasiga bag‘ishlangan festival ishtirokchilariga davlatimiz rahbarining tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Ushbu ijodiy festival har yili o‘tkazilishi lozimligi ta’kidlandi. Atoqli shoirning g‘azallari asosida qo‘shiqlar tanlovi o‘tkazilayotgani va hududda adib nomi bilan yangi bog‘ tashkil qilingani alohida e’tirof qilindi.
Shundan so‘ng ijodkorlar ustoz Erkin Vohidovning hayoti, faoliyati, ijodining o‘ziga xos qirralari haqida iliq so‘zlar aytishdi. Atoqli shoirimizning ijodiy merosi yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutishiga e’tibor qaratildi. Erkin Vohidovning boy ijodiy merosi hamisha yosh avlodni yangicha tafakkur bilan yashashga undashi aytildi.
Festivalda ulug‘ shoirning xalqimiz ko‘nglidan joy olgan hayot go‘zalligi, inson hayoti ma’nosi, ma’naviy kamolot yo‘llari teran ifodalangan she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Erkin Vohidov qalamiga mansub “Oltin devor”, “Ruhlar isyoni”, “Matmusa” va boshqa sahna asarlaridan parchalar namoyish qilindi.
Festivalning faol ishtirokchilari taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri