“Adab va tavozu’ ahliga ta’zim...”
Alisher Navoiy
Alisher Navoiy hazratlari “Muhokamat ul-lug‘atayn”da “...so‘z durredurkim, aning daryosi ko‘nguldur va ko‘ngul mazharedurkim, jame’i maoniyi juzv va kuldur. Andoqki, daryodin gavhar g‘avvos vositasi bila jilva namoyish qilur va aning qiymati javharig‘a ko‘ra zohir bo‘lur” deb qayd etgan. Ushbu tafakkur to‘la bebaho, purhikmat bu o‘gitning asrlar osha nidosi vujudim qatida ko‘pdan beri izhorga mo‘htoj bo‘lib, ko‘ngil to‘rida tugunmisol qatlanib kelaverardi. Hazrat Navoiyning “Mahbub ul-qulub”ida “Farahlar miftohidur va bandlar fattohidur” deyilgan shiorga tavakkal qilib va matlabning mustajob bo‘lishini ma’rifat ahli ko‘pdan sabrla kutardi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisida so‘zlagan nutqi tarixiy voqelikning amaliy isboti insoniy qadriyatga yuz tutishi, voqelikka aylanishi va barcha tugun-qulflarni yechimida muhim vosita bo‘lishi shubhasiz.
Navoiy hazratlari “...daryodin gavhar g‘avvos vositasi bila jilva namoyish qilur” deb ta’riflaganidek, Prezidentimiz shijoatli islohotchi sifatida Vatanimiz ko‘rki-jamoli, mamlakatimiz chiroyi va uning bebaho gavhari sanalmish betakror tarixiy ma’rifati, ilmu irfoni rivojiga g‘avvosdek sayqal, jilo-chiroy, husn berishi, Vatanning boy tarixi, buyuk kelajagi va iqtisodiy istiqbolini olamga namoyish etishdagi buyuk xizmatlari istiqlol zarvarag‘ining o‘chmas zarhal sahifasida bitilgan tarixdan guvohlik beradi, mubolag‘asiz.
Ayniqsa, shuni chin dildan va komil ishonch bilan bot-bot ta’kidlash lozimki, yuqori minbardan turib isboti, natijasi amalda o‘z tasdig‘ini topgan, raqamlar asosida haqiqiy tahlil va tavsifga tortilgan, mufassal taqdimot mazmuni barcha ma’rifat, ma’naviyat ahlining qalbidagi gaplar bo‘ldi. Uzoq yillar davomida yechimiga ko‘z tikib, ijrosiga ilhaq bo‘lib, orzu-umidlarining hosil bo‘lishini kutib turgan ta’lim, madaniyat, san’at sohasi xodimlari ruhiga chinakam ilhom, diliga quvonch, jismiga harorat bag‘ishladi, barqarorlik ato etdi.
Prezidentimiz olib borayotgan siyosat va islohotlarning muvaffaqiyati jahon hamjamiyatining yuksak minbarlarida e’tirof etilishi, tan olinishi va shijoatli reformator sifatida baholanishi yurt rahbari tanlangan yo‘lning naqadar to‘g‘ri, xalqchil, demokratik tamoyillar asosida tarkib topganini dalillaydi. Shuningdek, taqdimot tuyg‘ularimizni uyg‘otib, qalbimizni quvonchu shuurga to‘ldirib, tafakkur olamiga yetaklovchi dasturga aylandi. Voqelikni yoritgan, raqamlarga asoslangan va kelajak ifodasi belgilangan bu tarixiy hujjat bayonini o‘qish davomida ko‘ngilda o‘tgan ayrim mulohazalarni izhor qilish uchun dil amriga quloq tutish lozim degan fikrdaman.
Mana uning birlamchi chizmasi. Barchangizga ayon, Prezident ushbu kengash raisi hisoblanadi. Hududlarda esa birinchi rahbarlar bu masala uchun mas’ul etib belgilangan. Nima uchun shunday yo‘l tutdik? Chunki ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat biz uchun ustuvor masaladir.
“Albatta, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun avvalo, uning mustahkam iqtisodiy, moddiy-texnik asoslarini yaratish kerak. Bugun bu yo‘lda xalqimiz bilan birgalikda amalga oshirayotgan ishlarimizda barchangiz faol ishtirok etmoqdasiz”. Bu kirish, murojaat tom ma’noda xalqimizga qarata yo‘llangan chaqiriq, shior.
Nima uchun shunday yo‘l tutdik? Savolga mantiqan yondashadigan bo‘lsak, bu gap bo‘lagining ma’nosi o‘ta ko‘p qirrali u: burch, burchlilik, daxldorlik, mas’ullik, hamkorlik, ya’ni bir shaxsning ko‘rsatmasiga qarab turmaslik, barcha katta-kichikka barobar ijtimoiy vazifadoshlik, pirovard mas’ullik. Ikkinchi ma’no: tahliliy xulosa chiqarish, tegishli qarorga kelish, birinchi rahbar mas’ulligida degan tushuncha ham mavjud.
Majlisda ishtirok etuvchilar ayni shu soha rahbarlari, vakillari, mas’ullari. Sohaning qadr topishi ularning kasbiy mahoratiga bog‘liq va qadimdan ularning zimmasida bo‘lgan bu vazifa. Chunki ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat biz uchun ustuvor masaladir, deb qayd qilingan bu butunlikda mantiq ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat so‘zlariga qaratilgan bo‘lib, ularni tahlil, ifoda, yechim, tavsiyalar, ko‘rsatmalar kabi qismlarga bo‘lish mumkin.
“Biz uchun ustuvor masaladir” deyilgan birikmada aniq ishlab chiqilgan va bajarilishi shart bo‘lgan muammo, vazifani hal etish tushuniladi. Ya’ni, bu to‘rt dolzarb masala rivoji mamlakatning husnini, tarovatini, shamoyilini dunyoga namoyon etadigan eng birlamchi unsur hisoblanadi.
Nutqda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ma’rifatning yuqori darajaga ko‘tarilishini ta’minlovchi yagona manba iqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish, taraqqiyot ekani ta’kidlanadi.
Ma’ruzaning avvalidan to oxirgi bandigacha kun tartibi muhokamasiga kiritilgan masalalarning mohiyati raqamlar asosida batafsil birma-bir tahlil qilingan. Nihoyatda hayajonli, o‘ta ta’sirchan voqelik, yangilanish, tub o‘zgarish, yutuq, sanoqlarning adadi yo‘q bu taqdimotda...
Befarqligimdan yuragim uyushadi, o‘zimdan ranjiyman, iztirob chekaman, so‘ng xayolimdan shular o‘tadi: ma’ruza matnini o‘qimagan kishining ham tili, ham dili kuyadi, deyman pichirlab. Boshimni ko‘tarmay hijjalab o‘qiyman. Qayta-qayta yana boshdan boshlayman, faxrdan ko‘zlarim namlanib ketadi, tanim titraydi. Yana o‘qiyman. Hayotda oqsoqlanib qolibman-a, deyman, nega? Seni shu muqaddas Vatan tarbiyaladiku, deyman. Nega omonlik kunlardan noliysan, nega? Nega uning qadriga yetmaysan? Nega shuncha amalga oshirilgan yutuqlardan ogoh emassan, ko‘z yumasan? FAXRLANMAYSAN? Aslida befarqmiz, vaqtlarni ko‘cha-ko‘yda, behuda o‘tkazamiz. Vaqt qadriga yetmaymiz. Kir qidiramiz.Qayerdan yuqdi bu illat, beparvolik, deyman.
Ma’ruzada qayd etilganidek, bu yil ijtimoiy sohaga eng ko‘p — 134 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Bu 2016 yilga solishtirganda 5,6 barobar ziyod demakdir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” degan qoidaning amaliy hayotimizdagi tasdig‘ini birgina ana shu misolda ham yaqqol ko‘rish mumkin. Haqiqatan ham bu e’tibor, e’tirof qilinadigan haqiqat. Ikkinchidan qomusda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” deb belgilanishi barcha o‘zbekistonliklarning irqi, millatidan qat’i nazar teng huquqqa ega ekani va ijtimoiy hayotda davlat tomonidan muhofaza qilinishi sharti ta’riflanadi.
Bu yil “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini qabul qildik. Bu muhim hujjatda o‘z oldimizga aniq maqsadlar qo‘yib, marrani baland oldik. Ushbu strategiyaga muvofiq, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 2 barobar oshirib, 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga daromad miqdorini esa o‘rtacha 4 ming dollarga yetkazish reja qilingan. Bu niyatning tubida ezgulik mujassam.
Qayta-qayta ta’kidlash lozimki, yurtboshimiz tahlilga tortgan har bir masala qadr-qimmati jihatidan o‘ta dolzarb. Undagi har bir fasl, band aslida ilmiy-nazariy nuqtai nazardan fundamental asosga ega va barchamiz uchun kun tartibiga kiritilgan va doimiy ravishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifa deb qabul qilinishi darkor.
Prezidentimiz tomonidan taqdimotda keltirilgan va amalga oshirilgan, oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, tadbirlar nomma-nom alohida tahlil va tavsifga tortiladi, tegishli xulosalar chiqariladi. Taqdimot barchaning kunlik, oylik, yillik, domiy ravishda mehnat faoliyati uchun dasturulamal, ayni fursatda kundalik ish dasturi hisoblanadi.
Prezidentimiz keyingi paytda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Ana shu ishlarni davom ettirgan holda umumta’lim maktablarida o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratilishi, xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq bilan ta’minlanishi kerakligiga urg‘u berildi. Shu maqsadda milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab, 50 foiz ustama to‘lanadi. Bu maqsadlar uchun 2024 yilda qo‘shimcha 10 milliard so‘m, 2025 yilda esa 30 milliard so‘m ajratiladi.
O‘zbek tili nufuzi va maqomini yanada oshirish yo‘lida belgilangan ko‘rsatmalar, qo‘shimcha moddiy manfaatdorlik, raqobat pedagog- o‘qituvchilarni harakatga keltiradi, sergak qiladi, raqobatni kuchaytiradi. Natijada ta’lim tizimiga yangicha ijobiy ruh kirib keladi.
Prezidentimizning bizga havola qilgan taqdimotini har bir soha xodimi o‘qib, uqib tub ma’nosini o‘z jismi va ruhiga singdirishi shart.
Mirzo Abdulqodir Bedil bir g‘azalida:
Bu vodiyda so‘rog‘imni men kimdan so‘ray,
Men bir timsolmanu oyina tordir, deydi.
Bu o‘z-o‘zini anglash, so‘roqlash, imtihon qilish demakdir. Prezidentimiz ma’ruzasida “mamlakatimiz yangi taraqqiyot davriga qadam qo‘ygan bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuyg‘usini kuchaytirishda siz, madaniyat ahlining o‘rningiz va ta’siringiz beqiyosdir. Sizlar o‘z yuksak iste’dod va mahoratingiz, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz bilan yangiUyg‘onish davrini barpo etishga albatta munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman” deb ta’kidladi.
Prezident da’vati va chaqirig‘iga ochiq ko‘ngil bilan “labbay” deb hozir turishimiz va uni fuqarolik burchi deb hisoblab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy ishlarni qo‘llab-quvvatlab, uning ishtirokchisi bo‘lish hissi bilan yashamog‘imiz darkor.
Har bir kasb sohibining ko‘nglida ushalmagan orzulari bo‘ladi. Jumladan, menda ham. Biz milliy tarbiya deymiz, ammo uning mustahkam ildizlaridan unumli foydalana olmaymiz. Sharq mumtoz adabiyoti tarixida didaktik asarlarning o‘rni juda salmoqli. Fors-tojik adabiyotida Sa’diy, Attor, Ansoriy, Ubayd Zakoniy, Mavlono Rumiy, Sulton Valad, turkiy adabiyotda Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Sayfi Saroiy, Xorazmiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Ogahiy va yana bir necha shoir, adiblarning nomini keltirish mumkin. Mumtoz o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub”idek yetuk, didaktik asar mavjud emas va shoir siymolaridek pokiza obraz ham yo‘q. Mening fikrimcha, barcha umumta’lim maktablarida va oliy ta’limning yo‘nalishlarida bu asar maxsus kurs sifatida o‘quv rejasiga kiritilsa, o‘qitilsa, tahlil etilsa, bizningcha, tarbiyaning milliy vositalaridan o‘rnak olgan bo‘lardilar.
Yana bir o‘qish va yodda saqlash joiz bo‘lgan “Muhokamat ul-lug‘atayn” asaridir. Milliy tilning ravnaqiga bevosita daxldor bu yodgorlik va mazmunidan barcha ta’lim oluvchilarni ogoh bo‘lishi va saboq olishi lozim. Shu o‘rinda men Navoiy hazratlarining tillaridan Vatanimiz O‘zbekistonni ushbu so‘zlar bilan alqagan bo‘lardim.
Ki to bo‘lg‘ay jahon bog‘i bu gulshan mevador o‘lsin, Harimida bu bulbullarg‘a bu gulbon bor bo‘lsin.
Ishoqxon NOSIROV,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti
O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi
O‘zA