“ACWA power Kungrad wind”: tadbirkorlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida “Acwa power Kungrad wind” loyihasi doirasida tadbirkorlar ishtirokida ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, mebel sanoati vakillari, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilar hamda zamonaviy texnologiyalar, jumladan, quyosh panellari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar doirasida xalqaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etilayotgan tashabbuslar nafaqat energiya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga, balki mahalliy ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni rivojlantirishga ham keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayevning Saudiya Arabistoni “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarlari bilan uchrashuvda mazkur kompaniya tomonidan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha respublika hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, istiqbolli loyihalarni yanada ko‘paytirish, shuningdek, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, “Nukus-1” loyihasi doirasida quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi barpo etildi. Shuningdek, Beruniy tumanida “Nukus-2” loyihasi doirasida qiymati 260 million AQSH dollarlik 200 megavattlik shamol elektr stansiyasi va 100 megavattlik energiya saqlash tizimi qurilmoqda. Bundan tashqari, Qo‘ng‘irot tumanida 2000 megavattlik shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
[gallery-28765]
Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar va investorlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi loyihalarni shakllantirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun yangi bozorlar ochish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish hajmini kengaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Tadbirda bunday uchrashuv va ko‘rgazmalar mahalliy biznes vakillarining tashqi bozorga chiqishida muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi. Eng asosiysi, ular orqali milliy mahsulotlarimizning raqobatbardoshligi oshib, yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga mustahkam zamin yaratiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.