“Abu Muin Nasafiy” spektakli sahnada
Kuni kecha Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida dramaturg Nafas Shodmonovning “Abu Muin Nasafiy” nomli dramasi asosida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, rejissiyor Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan “Abu Muin Nasafiy” spektakli premerasi namoyish etildi.
Abu Muin Nasafiy Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya aqidaviy mazhabi ulamolarining eng mashhurlaridan bo‘lib, ushbu ta’limotning yoyilishiga eng ko‘p hissa qo‘shgan zotdir.
Yoshlarni turli diniy-siyosiy oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan asrash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishda Abu Muin Nasafiy ilmiy-ma’naviy merosi muhim ahamiyat kasb etadi.
Asarda Nasafiyning aqida ilmida amalga oshirgan xizmatlari haqida hikoya qilinadi. To‘g‘ri, uning butun biografiyasini, boy merosini bitta spektaklga joylashtirib bo‘lmaydi. Abul Muin Nasafiyning Samarqandda kechgan hayoti spektaklga asos qilib olindi. Bu davrda alloma ham ilm olgan, ham o‘zini namoyon qilgan. Shu davrda o‘zining hayotida ham keskin voqealar sodir bo‘lgan. Mana shu jarayonlar spektaklda ko‘rsatib berishga harakat qilindi.
[gallery-15418]
– Islom dini tarixida Abu Muin Nasafiyning boy merosi muhim o‘rin tutadi, – deydi ssenariy muallifi Nafas Shodmonov. – U kishini sof e’tiqod, aqidaviy tushunchalarda birlik, mafkuraviy birlik masalasida kurashgan, kerak bo‘lsa bu jarayonda borini fido qilgan alloma sifatida bilamiz. O‘sha paytda mazhablar, oqimlar, siyosiy kuchlar g‘oyalarini ilgari surib, yurt talosh, el talosh degan bir harakatlar vujudga kelgan. Mana shunday paytda xalqning birligini, kuchini saqlashga qaratilgan juda katta xizmatni qilgan Abu Muin Nasafiy. Alloma tutgan yo‘l Abu Mansur Moturidiy tomonidan ilgari surilgan va u kishidan keyin yana tortishuvlar, har xil oqimlarning xurujlari boshlangan. Katta yo‘qotishlar ham bo‘lgan. Mana shunday bir paytda Abu Muin Nasafiy kabi allomaning asarlariga ehtiyoj bor edi.
Ma’lumot uchun: mamlakatimiz rahbari viloyatga tashrif buyurgan paytlarda har gal Abu Muin Nasafiyning maqbarasini ziyorat qilib, u kishini e’zozlab, hurmatlab gapirgan, allomaning xalqimiz tasavvurida bir siymosini yaratish masalasi qo‘yilgandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari