Abituriyentlar uchun qulaylik
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida keng jamoatchilikni universitetda mutaxassislar tayyorlash borasida yaratilayotgan sharoitlar va abituriyentlardan hujjat qabul qilish tartibi bilan tanishtirishga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida keng jamoatchilikni universitetda mutaxassislar tayyorlash borasida yaratilayotgan sharoitlar va abituriyentlardan hujjat qabul qilish tartibi bilan tanishtirishga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini takomillashtirish, sohada kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasida telekommunikatsiya xizmatlari bozori va dasturiy mahsulotlar sohasi jadal rivojlanmoqda. Shu bois dasturiy va komputer injiniringi, telekommunikatsiya texnologiyalari kabi ta’lim yo‘nalishlari ommalashmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida shu va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Universitet rektori O‘.Hamdamovning so‘zlariga ko‘ra, oliy o‘quv yurtida abituriyentlar uchun sharoit va qulayliklar yaratish borasida samarali ishlar olib borilayotir, yangiliklar joriy etilmoqda. Prezidentimizning shu yil 26-maydagi «2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qarori ushbu jarayonni takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
Bu yerda tashkil etilgan axborot bannerlari va katta LED-ekranlarda barcha zarur axborot – har bir yo‘nalish uchun ajratilgan kvotalar, taqdim etilgan arizalar sonini monitoring qilish, kirish imtihonlari o‘tkaziladigan joylar haqida ma’lumot, oliy o‘quv yurti hududidagi obyektlar nomi yozilgan xarita va boshqa ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.
– Universitetda yaratilgan sharoitlar, avvalo, vaqtni tejash imkonini beradi, – deydi abituriyent Fotima Nurmuhamedova. – Qabul komissiyasi a’zolari bir xil libosda. Bu, biz, abituriyentlar uchun ham qulay. Shuningdek, hujjatlarni onlayn rejimida oliy o‘quv yurtining rasmiy sayti orqali qabul qilish bo‘yicha interfaol xizmatdan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Ayni paytda onlayn-xizmatdan 1300 dan ziyod abituriyent foydalandi.
Universitet va uning hududiy filiallarida 9 ta’lim yo‘nalishi taklif etilgan bo‘lib, ularning har biri mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqqan holda tasdiqlangan. Xususan, 2016/2017 o‘quv yilida universitetda magistraturaning yangi ikki – «Axborot xavfsizligi» va «Elektron tijorat» yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
O‘qituvchilarning bilim va mahorati yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilib, ularda Sungshil universiteti (Janubiy Koreya) professorlari ma’ruza qilmoqda.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.