Abdusattorov Chinnayda 4-o‘rinni egalladi
Hindistonning Chennay shahrida o‘tgan “Quantbox Chennai Grand Masters 2026” xalqaro turnirining yetti kunlik shiddatli bahslari yakunlandi.
7 ta turdan iborat bo‘lgan murosasiz bahslarda 8 nafar eng kuchli shaxmatchilar 79 ming 500 AQSH dollaridan iborat nufuzli musobaqaning sovrinli o‘rinlari hamda reyting ochkolari uchun kurash olib bordi.
Kecha o‘tkazilgan so‘nggi 7-tur bahsida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda kichik xatolik sabab rossiyalik Dmitriy Andreykinga imkoniyatni boy berishi ortidan 3,5 ochko bilan 4-o‘rinni egalladi.
Xalqaro musobaqaning so‘nggi turida g‘oliblikka asosiy da’vogar fransiyalik Alireza Firuzja oq donalarda hindistonlik Arjun Erigaisi bilan murosa yo‘lini tanlashi natijasida 4,5 ochko bilan turnir g‘olibiga aylandi.

O‘z navbatida Abdusattorovdan ochko tortib olgan rossiyalik Andreykin ikkinchi va Arjun Erigaisi uchinchi o‘rinlarga ega chiqdi.
Turnir g‘olibligiga erishgan Alireza Firuzja musobaqa nizomiga muvofiq kubok va 26 ming 500 AQSH dollari bilan taqdirlandi.
Turnirda 2-pog‘onani band etgan Dmitriy Andreykin 15 ming, 3-o‘rin sohibi Erigaisi 10 ming hamda 4-o‘rindan joy olgan hamyurtmiz Nodirbek Abdusattorov 7 ming 420 AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA