Abdulla Qahhor so‘z dahosi
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 114 yilligi munosabati bilan joylarda tadbirlar davom etmoqda.
Adiblar xiyobonida Kinematografiya agentligi tomonidan adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etilishi ko‘zda tutilgan. Adib yashagan uy muzeyida ham ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Toshkent shahar va viloyatlardan Abdulla Qahhor ixlosmandlari ziyorat uchun kelib turishadi. Adib uy-muzeyida innovatsion “SMART” texnologiyasi o‘rnatilgan (ushbu texnologiya 5 ta til – o‘zbek, ingliz, rus, fransuz, yapon tillarida muzey eksponatlari haqida ma’lumot beradi).
Memorial muzeydagi aynan yozuvchi hayotidan so‘zlovchi turli eksponatlar, esdalik suratlar, nodir kitoblar, qo‘lyozmalar, liboslar, u surgan shaxmat donalari, kiygan liboslari va yaqinlari hadya qilgan esdalik sovg‘alari saqlangan burchaklar sayohatchilarda qiziqish uyg‘otadi.

– Otam – Yunus Rajabiy bilan Abdulla Qahhor ishtirokidagi yig‘inlarni yaxshi eslayman, otam jo‘shib kuylasa, Abdulla Qahhor har bir so‘zning asl ma’nosini chaqib, yig‘ilganlarga yetkazib turar edi, – dedi O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy. – Mahallamiz bir, uyimiz yaqin bo‘lgani uchun otam tez-tez Abdulla Qahhor bilan suhbatlashgani kelib turar, bir piyola choy ustida musiqa va adabiyotning ajralmas san’at turi ekanligi, so‘z latofati va ohang sehri haqida keng mushohadalar yuritilardi. Ushbu uy-muzey men uchun juda qadrli, bu yerga har gal kelganimda meni ulug‘ hislar cho‘lg‘ab oladi, xuddi, so‘rida otam va Abdulla aka suhbat qurib turgandek tuyuladi.
Abdulla Qahhor uy-muzeyi chinakam ma’noda tadqiqotchilar uchun manbalarga boy maskan, desa mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Abdulla Qahhor asarlari qariyb 20 ta tilga tarjima qilingan, – dedi uy-muzey ilmiy xodimi Murodjon Norqobilov. – Biz adibning matbuotda e’lon qilingan ijodiy ishlarini va hayotidan so‘zlovchi har bir ma’lumotni yig‘ib, uy-muzeyga joylashtiramiz. Bundan tashqari, har yili adib hayoti va ijodidan qilingan ilmiy ishlar, yangi ko‘rsatuv va lavhalar ham maskanning yanada salohiyati oshishiga xizmat qilmoqda.
Adibning yorqin xotiralari, boy ma’naviy merosi saqlangan uy-muzey barcha uchun har kuni faoliyat yuritadi. Adabiyot ixlosmandlari, qahhorshunos olimlar uchun ushbu maskan eshigi ochiq.
D.Mamatova, O‘z