Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga
Silliq kechmagan hayot
Qashqadaryo vohasi qadimdan ulug‘ insonlarga beshik bo‘lgan ko‘hna zamin. Jahon va Sharq she’riyati ustunlaridan Mirzo Bedil, Xisrav Dehlaviy, Mirzo G‘olibning ota-bobolari shu diyor farzandlaridir. Spitamen, Shiroq, To‘maris, Muqannalar ham Qashqadaryo o‘lkasiga begona emas. Marvda arab bosqinchilariga qarshi milliy ozodlik kurashini boshlagan Muqannaning asosiy tayanchi va qarorgohi Nasaf shahri bo‘lgan. Keyin u Yakkabog‘ tog‘larida kurashini davom ettirib, Vatan ozodligi uchun o‘sha yerda jonini fido etgan. Sohibqiron Amir Temurning kindik qoni tomib, voyaga yetkazgan, kurashga otlantirib, ilk zafarlar keltirgan ham Qashqadaryo vohasidir. XX asrning 60 yillarida o‘zbek she’riyatiga mitti yulduz bo‘lib kirgan va umrbod porlab qolgan Abdulla Oripovning shu yurtda tavallud topgani tasodif emas. Bunday zaminda tavallud topgan har bir insonning qonida so‘zga oshuftalik tug‘ma va tabiiydek tuyuladi. 50 yillar oxiri – 60 yillar boshida qishloqlarda na televizor, na ko‘ngilochar biror maskan, istirohat bog‘i bor edi. Biz o‘spirin bolalar faqat kitob, gazeta va jurnallar o‘qir, yoki maydonning changini chiqarib to‘p tepardik. Abdulla akaning «Gulxan», «Sharq yulduzi» jurnallarida chiqqan she’rlarini o‘spirinlik yillarida o‘qiganmiz.
Men ham yoshligimda ijodga, jurnalistikaga qiziqardim, maktabda yuqori sinflarda o‘qib yurganimda, tumanimiz gazetasida muntazam chiqib turardim. 1966 yil maktabni tamomlab, jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirolmadim. O‘sha yili ham o‘ninchi, ham o‘n birinchi sinf o‘quvchilari maktabni bitirishdi. O‘qishga kirishni xohlaganlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Buning ustiga, Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlariga zilzila tufayli qabul kvotasi ko‘paymadi. Xullas, o‘qishga kirolmaganimdan so‘ng, yozgan narsalarimni ko‘tarib «Qashqadaryo haqiqati» viloyat gazetasi redaksiyasiga bordim. Gazeta redaktori salohiyati o‘ta baland Yo‘ldosh Umarov men bilan suhbatlashib, chop etilgan ishlarimni o‘qib, korrektorlikka ishga qabul qildi. Keyinchalik taniqli shoirga aylangan Ismoil To‘xtamishev ham o‘qishga kirolmasdan korrektorlikka ishga olindi. Birga ishladik. O‘sha yili Abdulla aka bilan tahririyatda tanishganman. U kishi ota yurtga kelgan chog‘ida, albatta, tahririyatga kirardi. Bu yerda uning birga o‘qigan do‘stlari ko‘p ekan. Yoshi katta jurnalistlar ham Abdulla akani o‘zgacha hurmat va mehr bilan qarshi olar, hamma uning kelajakda ulkan shoir bo‘lishiga amin edi. Samad Qodirov, Ro‘zijon Nurmatov, Suvon Soqiyev, Abdi Pardayev, Temur va Bahrom Shoqulov kabi ko‘zga ko‘ringan jurnalistlar bilan shoirning har galgi suhbatlari havas qiladigan darajada samimiy o‘tardi. Esimda, Abdulla aka Ismoil ikkalamizga yuzlanib: «Ukalarim, korrektor – gazetaning yuzi, oynasi. Sizlar mas’uliyatli joyda ishlayapsizlar, bo‘lg‘usi jurnalist korrektorlikda toblanadi», dedi. Bizlarga Toshkentga borganimizda, albatta u kishi bilan uchrashishni tayinladi. O‘sha gaplar, yoshgina Abdulla akaning samimiyligi hamon qulog‘imda. Ismoil bir yildan keyin jurnalistikaga o‘qishga kirdi. Abdulla akaning sodiq shogirdiga aylandi. Men esa boshqa yo‘nalishdan ketdim.
«SIZ ALLAQACHON DEPUTATSIZ»
1994 yil men Kitob tumani hokimi vazifasida ishlar edim. Abdulla aka jiyani, mening eski qadrdonim Abdurahim Erkayev bilan ishxonamga kirib keldi. Salom-alikdan so‘ng uning nomzodi Kitob va Chiroqchi tumanlaridan O‘zbekiston Oliy Kengashi deputatligiga ko‘rsatilganligini aytdi. Biz xursand bo‘lib, «Siz allaqachon deputatsiz», dedik.
She’rxonlik boshlanib ketdi. Avval shoir, keyin kitoblik she’r shaydolari birin-ketin chiqish qildilar. Shoir va muxlislar o‘rtasida qandaydir mustahkam ruhiy bog‘lanish, ma’naviy mushtaraklik paydo bo‘ldi. Bunday paytda hamma narsa, har qanday maishiy ro‘zg‘or tashvishlari unutiladi. Shoirning kitoblik muxlislari ham o‘sha onlarda ro‘zg‘or, bola-chaqa, tirikchilik yumushlarini, tashvishlarini bir zum unutib, ulkan ruhiy-ma’naviy ozuqa olgan edi. Uchrashuv to‘rt soatlar davom etdi. Hech kim turay, uyga boray demaydi. Oxiri hamma quvonch bilan tarqaldi. Saylovda Abdulla Oripov katta ustunlik bilan g‘olib bo‘ldi. Ilgari ham u xalqning qalbidan joy olganini yaxshi bilardim. Ammo uchrashuv kuni buni butun vujudim va qalbim bilan his qildim. O‘shanda men ham 226-Kitob saylov okrugidan O‘zbekiston Oliy Kengashi deputatligiga saylandim. Abdulla aka ikkimiz yana bir mashhur yurtdoshimiz, atoqli olim, akademik Asqar Xolmurodov boshqargan ilm-fan, madaniyat va sport qo‘mitasiga a’zo bo‘lib, faoliyat ko‘rsatdik. O‘sha yillari Abdulla aka bilan dastlabki deputatlik yillarimiz Qarshi shahrining yoshi 2700 yilga tengligini rasmiy qaror bilan tasdiqlash va nishonlash uchun respublika hukumati Xalqaro YUNESKO tashkilotiga taklif yuborish lozimligi to‘g‘risida tashabbus bilan chiqdik. YUNESKOga tegishli hujjatlar taqdim etildi. Qarshi shahrining yoshi tan olindi, YUNESKO tadbirlariga shahar to‘yini o‘tkazish kiritildi. Tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Qarshi yubileyi 2006 yilda tantanali nishonlandi. Undan avval Amir Temur tavalludining 660 yilligini keng nishonlash bo‘yicha Prezident Farmoni e’lon qilingan edi. Abdulla aka viloyatga tez-tez keladigan bo‘ldi. Viloyat markazida, tumanlarda o‘tkaziladigan ko‘pchilik tadbirlarda otashin chiqishlari, she’rlari bilan sidqidildan, ko‘tarinki kayfiyatda faol ishtirok etdi. Viloyat rahbariyatiga targ‘ibot-tashviqot ishlarida yaqindan turib yordam ko‘rsatdi.
SHOIRGA SOVG‘A QILINGAN OT
Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga qizg‘in tayyorgarlik ham boshlab yuborildi. Shahrisabzda buyuk bobomizga haykal o‘rnatildi. Shaharga Amir Temur ordeni berildi (bu vaqtda men Qashqadaryo viloyati hokimi edim). Yubiley tantanalarini tayyorlashda barcha tashkiliy ishlar va ularni amalga oshirish mening zimmamda edi. Qadimiy shaharning tarixiy, madaniy obidalarini ta’mirlash, zarurlarini restavratsiya qilish, avaylab-asrash, kelajak avlodga yetkazishdek mas’uliyatni chuqurroq his etishda Abdulla Oripovning fikrlari, she’rlari va asarlari hammamizga katta yordam berdi. U kishining Temur haqidagi gaplarini eshitsang, she’rlarini, asarlarini o‘qisang, Sohibqiron qiyofasi, salohiyati, miqyosi qalbing tubida, xayolingda jonlanadi. Uning siymosini, obrazini, salobati va ulug‘vorligini aniq sezasan, qalbingga qandaydir titroq kiradi, xayoling o‘tmishda, buyuk Temur davrida kecha boshlaydi. Shahrisabz shahrining 2700 yilligi Abdulla akaning faol ishtirokida nishonlandi. Adolat va haqiqat himoyachisi bo‘lmish Amir Temur va boshqa buyuk ajdodlarimiz obrazi ko‘z oldimdan o‘tar ekan, hayotimiz ular kabi ulug‘larning o‘gitlari bilan to‘lganidan, ularga eldosh-qondosh bo‘lganimdan faxrlanaman. Umrimiz bekor o‘tmaganiga iftixor bilan boqaman. Mana shunday tarixiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda bizga ulug‘ inson va shoir Abdulla aka katta yordam bergan, ruhiy tayanch va namuna bo‘lgan. Abdulla Oripov o‘sha yillari «Sohibqiron» dramatik dostonini yaratdi. Mullato‘ychi Toshmuhammedov nomli viloyat teatrida sahnalashtirilgan asar premerasida tomoshabinlar teatr zaliga sig‘may qoldi. Premeraga markazdan ham ko‘pchilik keldi.
Tashkiliy qo‘mita a’zosi temurshunos akademik Bo‘riboy Ahmedov boshchiligida bir guruh olimlar, adiblar zalda hozir bo‘lishdi. Premera ko‘ngildagidek yuksak darajada o‘tdi, keyin uning muhokamasi bo‘ldi. Sahnalashtirgan rejissyor Abdurahmon Abdunazarovga, artistlar "manzili"ga mohirona ijrolari uchun maqtovlar yangradi. Abdulla aka ularga alohida rahmat aytdi. Tomoshaga kelganlarni, mehmonlarni spektakldan keyin teatr oldidagi maydonda hech kim o‘ylamagan «Syurpriz» kutayotgan edi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Husayn Boyqaroning daho do‘sti Alisher Navoiy «Xamsa» asarini yozib, bir nusxasini unga safardan qaytayotganda peshvoz chiqib taqdim etadi. Husayn Boyqaro otidan tushib, Alisher Navoiyni o‘z otiga mindiradi va butun Hirotni o‘zi jilovdor bo‘lib aylantiradi. Biz ham uzoq vaqtlar ko‘nglimizga tugib qo‘ygan Abdulla akaga, oq, bo‘z, ot sovg‘a qilish niyatimizni amalga o‘sha kuni oshirishga jazm etdik.
Teatr oldidagi maydon odamlar bilan to‘lib ketdi. Bayramona bezatilgan oq otga Abdulla akani ko‘tarib mindirib qo‘ydik. Yig‘ilganlar shunchalik xursand bo‘lishdiki, maydonni olqishlar, qarsaklar tutib ketdi. Ular yana bir marta ulug‘ yurtdoshi borligi bilan faxrlanishgan bo‘lsa, ne ajab. Bu ishda hech qanaqa rasmiyatchilik, yuqoridagilarning topshirig‘ini bajarish degan narsa yo‘q edi. Bu Qashqadaryo xalqining o‘z farzandiga bo‘lgan samimiy mehrining, hurmatining avj pardadagi ifodasi edi.
XAVOTIR
Men viloyat hokimligidan ketganimdan keyin ham Abdulla aka bilan aloqamiz uzilgani yo‘q. Bayramlarda bir-birimizni tabriklab, hol-ahvol so‘rashib turardik. 2001 yil Abdulla akaning 60 yillik tavalludi keng nishonlandi. Ming afsuski, viloyatimizda o‘tkazilgan o‘nlab tadbirlar, uchrashuvlarga men taklif etilmadim. Shunda tabrik xatini yo‘llashga qaror qildim. Unda jumladan, quyidagi misralar bor edi: «Abdulla aka, sizni chin dilimdan tabriklayman. Sizga faqat sog‘lik va barakali ijod tilayman. Yurtdoshlaringiz mindirgan ot hech qachon qoqilmasin, to‘qnashmasin». Kunlardan bir kuni Qibraydagi shoir hovlisiga hol-ahvol so‘ragani borsam, Abdulla akaning kayfiyati yo‘q. Nimadandir xafa. Bir piyola choy ichgandan keyin o‘zi gap boshladi: «Meni tabriklab yozgan xatingizda bildirgan xavotiringizda jon bordek. Mindirgan otingiz haqiqatan ham qoqilayotganga o‘xshaydi».
Ha, ulug‘ zotning keyingi yillardagi hayoti silliq kechmadi... Boshidan o‘tayotgan voqealar, iztirob xastaligini og‘irlashtirdi. Lekin Abdulla Oripov Xudoning sevgan bandasi edi. U doimo insonlarning quvonchu tashvishlari bilan yashadi. Xalq ham unga mehr-muhabbat va cheksiz ardoq ila javob qaytardi. Oqil, xalqparvar Abdulla Oripov og‘ir dardga chalinib, davo istab Amerikaga, qizi yashayotgan mamlakatga borishga majbur bo‘ldi. Og‘ir iztiroblar yukidan xalos bo‘lolmagan Abdulla aka o‘sha yurtda vafot edi. Har davlatning o‘z qonun-qoidalari, qat’iy sanitar talablari bor. AQSHda vafot etganlarning deyarli barchasi o‘sha yerda dafn etiladi. Faqat ba’zi bir ulug‘ shaxslar yoki davlat arboblari jasadlari rasmiy diplomatik urinishlar orqali mamlakatiga qaytariladi. O‘shanda ham yo maxsus charter reysi tashkil qilinishi yoki boshqa mamlakatlarda qo‘nib o‘tmaydigan to‘g‘ri aviareys bo‘lishi lozim. Baxtga qarshi, shoir Xyustonda – Texas shtatida vafot etgan. Xyuston va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ri aviareys yo‘q. AQSHda shtatlar bir-biridan mustaqil, qonunlari farq qiladi. Jasadni bir shtatdan boshqasiga olib o‘tish juda ko‘p kelishuvlarni, har xil yo‘riqlarni bajarishni talab qiladi. Xullas, juda chigal vaziyat vujudga kelgan. O‘zbek xalqining yana bir dahosining qabri chet elda qolib ketish xavfi tug‘ilgan. Haqiqatan, Beruniy, Ibn Sino, Farg‘oniy, Xorazmiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Furqat xoklari O‘zbekistondan tashqarida yotibdi. O‘shanda davlat rahbarining qat’iyati, sa’y-harakatlarisiz natija qanday bo‘lishi mumkinligini hech kim aytolmaydi. Abdulla aka jasadi yurtiga qaytarilishi O‘zbekiston uchun o‘ziga xos sinov edi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdik. Xalq bu borada rahbariyatdan rozi bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston yangilanayotganini, milliy g‘urur va iftixorga, xalq asl farzandlari qadr-qimmati va xotirasiga munosabat o‘zgarganining belgisi edi. Adolat va haqiqat tantana qilib, insonparvarlik siyosatini dasturilamal bilgan, O‘zbekistonni haqiqiy yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga astoydil bel bog‘lagan, xalq dardi va quvonchlari bilan hamnafas Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidentligiga saylandi. Keyingi yillar davomida tazyiqlar ostiga olingan Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Abdulla Oripovning nomlari ham tiklandi va abadiyatga muhrlandi. Ularga Adiblar xiyobonida haykallar o‘rnatilib, nomida ijod maktablari tashkil etildi. Bugun O‘zbekiston haqiqatan yangilandi. Xalqimiz juda yuksak marralarni ko‘zlab, Uchinchi Renesansni amalga oshirmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda o‘zbek xalqi, yoshlari uchun Abdulla Oripov ijodi safarbar etuvchi, oldinga – yuksak marralarga chorlovchi omil bo‘lib qolaveradi. Shoirning nomi xalqimiz xotirasida, toki o‘zbek tili va va adabiyoti bor ekan, mangu yashayveradi.
Ozod PARMONOV, O‘zA