OAV da davlat tilidan foydalanish masalalari muhokama qilindi
Til — millatning o‘zligi, tarixi va ma’naviy qiyofasini namoyon etuvchi muhim qadriyat. Uning jamiyatdagi mavqei va qo‘llanish madaniyati, avvalo, unga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda ommaviy axborot vositalarida davlat tilining adabiy me’yorlarga muvofiq qo‘llanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
21-oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida «OAV va davlat tili: mas’uliyat va madaniyat» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Guliston davlat universitetida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova, Markazning hududiy bo‘limi rahbari Hamid Yodgorov, Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, universitetning “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi professori Ixtiyor Ermatov, «Yangi Sirdaryo» va «Novoya Sыrdarya» gazetalari bosh muharriri Bahrom Boymurodov, professor-o‘qituvchilar, Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari a’zolari, jurnalistlar, malaka oshirish kurslari tinglovchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Muloqotda davlat tilining ommaviy axborot vositalarida qo‘llanishi, jurnalistning til madaniyati va mas’uliyati, adabiy til me’yorlariga rioya qilish, yangi so‘z va atamalardan o‘rinli foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarida uchrayotgan imlo, uslub va grammatik xatolar, gazetalarda matnlarni tahrir qilish sifati yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-31836]
So‘zga chiqqan professor Ixtiyor Ermatov til masalasiga, avvalo, xalq va til iste’molchilari manfaatidan kelib chiqib yondashish lozimligini ta’kidladi. Zero, til muayyan guruh yoki shaxsga emas, balki butun millatga xizmat qiladi. Shu bois u millatning tarixi, madaniyati, tafakkuri va zamonaviy hayotini to‘liq ifodalashi kerak.
Professor alifboga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlarga to‘xtalib, buni alifboni tubdan yangilash emas, balki amaldagi yozuv tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohot sifatida baholash zarurligini qayd etdi. Xususan, O‘, G‘, Sh va Ch belgilarini Ö, Ğ, Ş va Ç shaklida ifodalash orqali ikki komponentli belgilarni bitta grafik belgiga keltirish ko‘zda tutilgan. Bu esa yozish, kompyuterda qayta ishlash, qidirish va tarjima jarayonlarida muayyan qulayliklar yaratishi mumkin.
Mutaxassis fikricha, o‘zbek yozuvida «bir tovush — bir harf» tamoyiliga yaqinlashish muhim. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda har bir tovushning aniq va yagona belgi orqali ifodalanishi kompyuter tizimlarida matnni qidirish, tanish va qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
— Bugun sun’iy intellektdan keng foydalanyapmiz. Kompyuter matnni belgilar orqali qidiradi va qayta ishlaydi. Shu nuqtai nazardan, alifbodagi texnik jihatlarni takomillashtirish o‘zbek tilining raqamli muhitdagi imkoniyatlarini kengaytiradi, — dedi professor.
Davra suhbatida ko‘cha nomlari, peshlavhalar va jamoat joylaridagi yozuvlarni davlat tili talablari asosida rasmiylashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bunday yozuvlarda imlo va uslub me’yorlariga qat’iy rioya qilish, aholiga namuna bo‘ladigan til muhitini shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Tadbir davomida jurnalistlar va til mutaxassislari o‘rtasida fikr almashilib, ommaviy axborot vositalarida davlat tilidan to‘g‘ri va samarali foydalanish, matnlarni sifatli tahrir qilish hamda til madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi. Mutaxassislar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga ham javob berdi.
Davra suhbati yakunida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi v.b. raisi Dilorom Ismadiyorova Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limiga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining ikki tomlik antologiyasini sovg‘a qildi.
Umuman, «OAV va davlat tili: mas’uliyat va madaniyat» mavzusidagi davra suhbati mazmun va g‘oya jihatidan dolzarb bo‘lib, jurnalistlar, til mutaxassislari va yoshlar o‘rtasida davlat tilidan to‘g‘ri va samarali foydalanish, uni asrash, boyitish hamda zamonaviy axborot muhitida rivojlantirish masalalari yuzasidan foydali muloqot maydoni bo‘ldi.
Tadbirda tilga munosabat faqat adabiy me’yorlarga rioya qilish bilan cheklanmasligi, balki har bir soha vakillaridan, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari xodimlaridan til oldidagi mas’uliyatni chuqur his etishni talab qilishi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA