Arnasoyda chorvachilik rivojlanmoqda
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni “Oqbuloq” SIU hududidagi “Okean agro” MCHJga qarashli yer maydonida barpo etilayotgan naslli chorvachilik majmuasi misolida ham ko‘rish mumkin.
Tuman hokimi Odil Musanov mazkur loyiha bilan tanishar ekan, uning amalga oshirilishi, chorva parvarishi uchun sharoitlarni yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Loyiha tashabbuskori Bobur mahallasida yashovchi tadbirkor Abduaziz Bekmurodov. Uning faoliyatida e’tiborga molik jihat bor: ishni o‘z xonadonida bir bosh naslli qoramol parvarishlashdan boshlagan tadbirkor bugun chorvachilikni kengaytirib, ixtisoslashgan majmua tashkil etishga kirishdi. Bu tajriba kichik tashabbus, izchil mehnat va maqsad sari intilish orqali istiqbolli loyihaga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Arnasoydagi o‘zgarishlar faqat bitta xo‘jalik bilan cheklanmaydi. Tumanda naslli qoramol parvarishiga qiziqish ortib, chorva uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Agar 2024-yilda 600 tonna silos tayyorlangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 6 ming tonnaga yetdi. Aholi xonadonlaridagi naslli qoramollar soni 33 boshdan 600 boshga, chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xonadonlar soni esa 16 tadan 400 taga ko‘paydi.

Bu raqamlar sohadagi o‘sish ko‘lamini ko‘rsatish bilan birga, chorvachilikni rivojlantirishda ozuqa ta’minoti va aholi tashabbuslarining o‘zaro bog‘liqligini ham namoyon etadi. Chunki naslli mol parvarishi faqat chorva sonini ko‘paytirishdan iborat emas. U muntazam oziqlantirish, veterinariya xizmati, naslni yaxshilash va mahsuldorlikni oshirishni talab qiladi. Shu maqsadda tumanda sun’iy urug‘lantirish orqali qoramollar naslini yaxshilash ishlari ham olib borilmoqda.

Bu yo‘nalishda davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-avgustdagi “Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida naslchilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilik loyihalarini amalga oshirish mexanizmlari belgilangan. Jumladan, 2026-yil 1-sentabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar belgilangan shartlar asosida naslchilik xo‘jaliklariga ayrim xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratish nazarda tutilgan. Qarorda belgilangan vazifalarning hududlardagi amaliy ijrosi sohadagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Arnasoydagi yangi majmua ham ana shu maqsadlar – naslli chorvachilikni kengaytirish, parvarishlash sharoitlarini yaxshilash va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish bilan hamohang. Eng muhimi, xonadonda boshlangan mehnatning yirikroq loyihaga aylanishi boshqa tashabbuskorlar uchun ham ibratdir. Bunday sa’y-harakatlar izchil davom etsa, chorva mahsuldorligini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va tuman iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri