93 ming 485 nafar fuqaro yangi elektron tizim orqali nogironlikka qamrab olindi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda nogironlikni belgilash va rasmiylashtirishning yagona elektron tizimi joriy etilib, barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirildi.
Natijada inson omili sezilarli darajada qisqarib, xulosalar avtomat ravishda dastur orqali shakllantirilishiga erishildi hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.
2026-yilning I choragi davomida yangi standartlar asosida jami 93 ming 485 nafar fuqaroga nogironlik guruhlari belgilandi.
Shuningdek, 8 ming 891 nafar fuqaroga muddatsiz nogironlik belgilanib, ularning har yili qayta ko‘rikdan o‘tish zarurati kamaytirildi va ortiqcha ovvoragarchiliklarning oldi olindi.
Qayd etish lozimki, avval nogironlik belgilanmagan, ammo kasalligi mavjud bo‘lgan holatlar qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 21 turdagi kasallik bo‘yicha 1 ming 439 nafar fuqaroga nogironlik belgilandi.
Bundan tashqari, yangi 30 turdagi kasallik asosida 2 ming 25 nafar fuqaroga muddatsiz nogironlik belgilandi.
Umuman olganda, mazkur islohotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA