890 kilometr masofadagi elektr uzatish tarmog‘i va 205 dona transformator punktlarini loyihalash ishlari yakunlandi
Prezident qarori amalda
AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Toshkent shahri aholisini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi.
"Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev jamiyat tomonidan tarmoqlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyaviy o‘chishlar salmog‘ini keskin qisqartirish va elektr energiyasi ta’minotining ishonchliligini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida ma’lumot berdi.
Brifingda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martdagi “Toshkent shahridagi iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan joriy yilda Toshkent shahrida 903 kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda 228 ta transformator punktlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari belgilangan.
Axborot xizmati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shu kungacha reja ko‘rsatkichlarga asosan 890 kilometr masofadagi elektr uzatish tarmoqlari hamda 205 dona transformator punktlarini loyihalash ishlari yakuniga yetkazilgan.
– Mazkur ishlarni bajarish doirasida 80 ga yaqin maxsus texnika va 70 dan ortiq brigada tarkibida 550 nafar ishchi xodim jalb qilingan, – dedi F. Nuraliyev. – Qaror bilan belgilangan maqsadli parametrlarni 2024-2025 yillarda bajarish maqsadida 2 066 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 475 dona transformator punktlarini yangilash kelgusida ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi. Ayni kungacha 862 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 220 dona transformatorlarida yangilash va modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Toshkent shahrida elektr energiyasini iste’molchilarga barqaror va ishonchli yetkazib berish maqsadida Toshkent shahrida jami 5 ta 110 kilovolt kuchlanishli podstansiya qurish ishlari boshlab yuborildi. Buning natijasida Yunusobod tumanidagi “Yunusobod biznes siti”, Shayxontohur tumanidagi “Toshkent siti” xalqaro ishbilarmonlik markazi, Yashnobod tumanidagi “Olmos” va “Go‘zal” mahallalari hamda ushbu hududda qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar, “Yangi O‘zbekiston ko‘chasi yo‘l bo‘yi infratuzilmasi, yangi barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasi, Yangihayot tumanida joylashgan ishlab chiqarish ob’ektlari va aholi iste’molchilarining elektr ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi. Yangi podstansiyalar qurilishi orqali umumiy 664 megavatt qo‘shimcha quvvat yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, brifingda ayni kunlarda poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Yunusobod”, Olmazor tumanidagi “Sag‘bon”, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Botanika”, Mirobod tumanidagi “Qo‘qon” podstansiyalarida rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani aytildi. Xususan, mazkur podstansiyalardagi mavjud kuch transformatorlari yuqori quvvatlisiga almashtirilishi hisobiga 179 megavatt qo‘shimcha quvvat yaratilishi va natijada qariyb 20-22 ming aholi va yuridik iste’molchilarning elektr energiyasi yaxshilanishiga erishilishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Toshkent shahri bo‘yicha 860 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 722 dona transformator punktida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Bu ishlarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash maqsadida Toshkent shahrining ba’zi mahalla va ko‘chalaridagi iste’molchilarni turli vaqt oralig‘ida elektr energiyasi ta’minotidan vaqtincha ajratishga to‘g‘ri kelmoqda.
Poytaxtimizda olib borilayotgan yuqoridagi modernizatsiya va mukammal ta’mirlash ishlariga oid rejaviy o‘chishlardan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filialining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali ma’lumot berib boriladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA