700 dollarlik “oson yo‘l” va uning achchiq yakuni
Bugun avtomobil boshqarish nafaqat qulaylik, balki katta mas’uliyat hamdir. Haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritish uchun belgilangan o‘quv kurslarini o‘zlashtirish, yo‘l harakati qoidalarini puxta bilish va tegishli imtihonlardan halol o‘tish talab etiladi. Chunki rulga o‘tirgan insonning bilimi va mas’uliyati nafaqat uning, balki boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining hayoti va xavfsizligiga ham daxl qiladi.
Afsuski, ba’zan ayrim shaxslar ana shu muhim talablarni chetlab o‘tishni istagan fuqarolarning ishonchidan foydalanib, “oson yo‘l” va’dasi bilan ularni chalg‘itishga urinadi. Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida aniqlangan navbatdagi holat ham bunga yaqqol misol bo‘ldi. Tezkor tadbir davomida 1995-yilda tug‘ilgan, Qorako‘l tumanida yashovchi xususiy avtomaktab o‘qituvchisining fuqaroni aldab, uning ishonchiga kirgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u fuqaroga avtomaktabda uch oylik o‘quv kursini tamomlagani haqida tegishli ma’lumotnoma olib berishni, shuningdek, imtihon markazidagi “tanishlari” orqali “B” toifali haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritish uchun imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashni va’da qilgan. Bu “xizmat” evaziga esa 700 AQSH dollari talab qilgan. Bir qarashda bu oddiy talabdek ko‘rinishi mumkin. Ammo masalaning mohiyati ancha jiddiy: gap faqat fuqaroning mablag‘ini qo‘lga kiritish haqida emas, balki qonun bilan belgilangan tartibni chetlab o‘tib, yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan shaxsni rulga o‘tqazish xavfi haqida ham bormoqda.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan 700 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Shu tariqa “tanishlarim bor”, “imtihondan o‘tkazib qo‘yaman”, “guvohnomani osongina olib beraman” kabi va’dalarning ortida qanday oqibatlar yashiringani yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi — jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga urinish, 168-moddasi 1-qismi — firibgarlik, shuningdek, 28-moddasi — jinoyat ishtirokchilari hamda 211-moddasi 1-qismi — pora berish bilan bog‘liq jinoyat alomatlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri