7 ming bosh parranda 50 mingtaga yetadi
Fargʻona viloyatida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ularga koʻmakdosh boʻlish sektor rahbarlarining kunlik ish rejasidan joy olgan.
Fargʻona viloyatida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ularga koʻmakdosh boʻlish sektor rahbarlarining kunlik ish rejasidan joy olgan.
Bagʻdod tumani “Matqulobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Murodjon Mirzayev parrandachilikka qiziqadi. Hozirda uning xonadonida 7 ming bosh parranda parvarishlanib, ulardan kuniga 5 ming donadan ortiq tuxum olinmoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yil 1-noyabrdan 2021-yilning 1-mayiga qadar tumanda 22 million 485 ming dona tuxum isteʼmol qilinishi kutilmoqda. Bundan koʻrinadiki, bagʻdodliklar har kuni 124 ming donadan ziyod tuxum isteʼmol qilishadi. Murodjon Mirzayevning parvarishidagi parrandalar hissasiga ana shu ehtiyojning 4,5 foizi toʻgʻri kelmoqda.
– Tumanimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, bozorlarda narx-navoning barqarorligini saqlashga ozgina boʻlsa-da hissa qoʻshayotganimdan xursandman, – deydi M. Mirzayev. – Bu ishga oʻzim ishqibozman, qolaversa, 2 nafar mahalladoshimniyam ish bilan taʼminlaganman. Tuxumlarning har donasi 800 soʻmdan sotilmoqda.
Bagʻdod tumani hokimi Alibek Tursunov tadbirkor bilan uchrashdi hamda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi. Murodjon parrandalar sonini 50 ming boshga yetkazish yuzasidan taklif bildirib, 2,5 milliard soʻmlik biznes loyihasini amalga oshirish istagini bildirdi.
Shu kuning oʻzida tadbirkor muammosi hal etilib, unga Oydinbuloq qishlogʻi hududidan joy ajratildi va qurilish ishlari boshlab yuborildi. Demak, yaqin kunlarda ichida parranda bosh soni yana-da koʻpayib, yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
