7-avgustdan boshlab uy hayvonlari majburiy ro‘yxatdan o‘tkaziladi – buning ahamiyati nimada?
O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida»gi qonuni 2026-yil 7-avgustdan e’tiboran kuchga kiradi. Mazkur qonunga ko‘ra, hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, hayvonlarning hisobini yuritish, ularning nasli va sog‘ligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tizimda jamlash nazarda tutilgan.
Qonunda aks etganidek, it va mushuklar 3 oygacha, қорамол, qo‘y, echki va tuyalar esa tug‘ilganidan keyin 14 kun ichida veterinariya xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Bunda ko‘rsatilgan muddat tugagandan so‘ng uzog‘i bilan bir oy kechiktirmasdan ro‘yxatga olinishi lozim.
Chetdan O‘zbekistonga olib kelingan hayvonlar olib kirilganidan e’tiboran 20 kundan kechiktirilmasdan identifikatsiya qilinishi kerak.
Agar uy hayvonlari ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, buning uchun 2028-yil 1-yanvardan javobgarlik joriy etiladi. Shu sanadan boshlab ro‘yxatdan o‘tmagan hayvonlarni saqlashga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Hayvonlar so‘yilgan, o‘lgan, nobud bo‘lgan bo‘lsa yoki O‘zbekistondan olib chiqilsa, 7 kunlik muddatda hisobdan chiqariladi.
Xo‘sh, hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning qanday ahamiyati bor?
Mamlakatimiz aholisining soni ortib borayotgan bugungi kunda aholini yetarli va sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash dolzarb. Bunda qancha uy hayvoni borligi, ularning sog‘ligi, holati haqida umumiy ma’lumotlar bazasini shakllantirish muhim. Elektron tizim yuritilishi asosida hayvonlarning nasli va sog‘ligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jam qilib borish bozorlarga sifatli chorva mahsulotlari yetkazib berish hamda veterinar osoyishtalikni ta’minlashda alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, turli veterinar kasalliklar tarqalishini bartaraf etish imkoni bo‘ladi.
Qonunda sohaga mas’ul bo‘lgan organlarning vakolatlari, hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarning va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari ham belgilangan. Bu hayvon egalarining manfaatdorligi va mas’uliyatini oshiradi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi qoshidagi Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish va hisobdan chiqarish tadbirlarini tashkil etadi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur qonun chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tashqi va ichki bozorlarga sifatli chorva mahsulotlari yetkazib berish, veterinar osoyishtalikni ta’minlash hamda hayvonlarning hisobini yuritishda qonuniy asosga ega tizim yaratilishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA