7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni
“Sog‘lig‘i uchun nima foydali ekanini odamning o‘zidan yaxshiroq biladigan shifokorni topish qiyin”.
Butunjahon salomatlik kuni — sayyoramizning har bir aholisi e’tiborini sog‘liqni saqlash uchun birgalikda harakat qilishga, salomatlik, farovonlik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan kundir.
Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti - JSST faoliyat boshlagan 7 aprel har yili Jahon sog‘liqni saqlash kuni sifatida nishonlab kelinadi.
1948 yil tuzilgan JSST Birlashgan Millatlar Tashkilotining sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan nufuzli muassasasi bo‘lib, tuzilma tarkibida 194 davlat bor.
O‘zbekiston JSSTga 1992 yil 25 mayda a’zo bo‘lgan. Tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993 yildan faoliyat olib boradi.

Salomatlik kunini nishonlash 1950 yildan an’anaga aylangan. “Jahon sog‘liqni saqlash kuni” aholiga salomatlik inson hayotida juda muhimligini anglatish maqsadida ko‘plab targ‘ibot dasturlari ishlab chiqiladi. Tadbirlar “Faollik — uzoq umr ko‘rish yo‘li”, “Iqlim o‘zgarishidan salomatlikni asrang”, “1000 shahar – 1000 hayot”, “Urbanizatsiya va salomatlik” kabi ayni yo‘nalishdagi global muammolarga bag‘ishlangan turli shiorlar ostida o‘tadi.
O‘tgan yil uchun koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir “Adolatli, sog‘lom dunyoni qurish” shiori tanlangan edi. Bu gal mas’ullar dunyo hamjamiyati e’tiborini hanuz to‘liq chekinmagan pandemiya, borgan sari dolzarblik kasb etayotgan global ekologik inqiroz, saraton, astma kasalliklari, yurak bilan bog‘liq muammolar avj olishi asnosida eng zarur shoshilinch choralarga qaratishga qaror qildi. Shu tariqa JSST 2022 yilni “Sayyoramiz, bizning sog‘lig‘imiz”, deya nomladi.
JSST hisob-kitobiga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan ekologik sabab tufayli har yili yer yuzida, taxminan, 13 million kishi nobud bo‘ladi. Ular orasida inson salomatligi uchun jiddiy xavf soladigan iqlim inqirozi asoratida olamdan ko‘z yumadiganlar ham ko‘p.

Ma’lumki, yer kurrasida 90 foizdan ziyod aholi qazib olinadigan yonilg‘i moddalari yonishi natijasida hosil bo‘ladigan nosog‘lom havodan nafas oladi. Global harorat oshishi bilan chivin orqali yuqadigan kasalliklar tezroq va ko‘proq tarqaladi.
Ekstremal ob-havo hodisalari, yer degradatsiyasi va suv tanqisligi insonlarning majburiy ko‘chirilishiga, sog‘lig‘i yomonlashishiga olib keladi.
Bundan tashqari, butun dunyo bo‘ylab atmosferaga chiqayotgan issiq gaz miqdorining uchdan bir qismiga teng nosog‘lom, yuqori darajada qayta ishlangan oziq-ovqat va ichimlik mahsulotlari ommaviy semirishni keltirib chiqaradi, shuningdek, saraton va yurak-qon tomir kasalliklarini ko‘paytiradi.
Jahon salomatlik kuni barcha mamlakatlar uchun sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim muammolarni hal qilish uchun birgalikda harakat qilish imkonini yaratadi.
bugungi kunda JSST ekspertlari 2,5 million shifokor, 9 million hamshira hamda doya va boshqa tibbiy mutaxassisliklar bo‘yicha 6 million tibbiy xodim yetishmasligi bilan bog‘liq global masala haqida bong urmoqda.
Muammo faqat eng qashshoq yurtlarda emas, balki rivojlangan mamlakatlarda ham uchraydi. Zero, ko‘plab davlatlarda tibbiyot xodimlari, asosan, shaharlarda to‘planganligi bois qishloqlar va chekka hududlarda tibbiy xizmat sifati pastligicha qolmoqda.
Jahon salomatlik kunida JSST barcha hukumatlar sektorlarini tengsizlikning asosiy omillarini aniqlash va bartaraf etish, birlamchi tibbiy yordamni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘ miqdorini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqiradi.
Ulug‘bek Mahmirzayev,
O‘zA