Yoshlar uchun zamonaviy sport maydonchalari
Jizzax viloyati Zarbdor va Yangiobod tumanlarida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish maqsadida yangi sport maydonchalari foydalanishga topshirildi.
Xususan, “Ochiq byudjet” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Zarbdor tumanidagi “Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Sport maktabi tasarrufida stritbol va vorkaut sport maydonchalari barpo etildi.
Ularning ochilish marosimida tuman hokimligi, ta’lim va sport sohasi mutasaddilari, mahalla faollari, nuroniylar, murabbiylar hamda yoshlar ishtirok etdi. Yig‘ilganlar yangi sport maydonlarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Yosh sportchilar ishtirokida ko‘rgazmali chiqishlar va turli bellashuvlar ham tashkil etildi.
[gallery-31826]
— Ilgari mahallamizda bunday zamonaviy va barcha sharoitlarga ega sport maydonchasi yo‘q edi, - deydi Zarbdor tumanidagi “Navoiy” MFYda yashovchi yoshlardan biri Shuhrat Sattorov. — Endi do‘stlarimiz va mahalladoshlarimiz bilan bo‘sh vaqtimizda stritbol va vorkaut bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Shu kabi ezgu tashabbus Yangiobod tumanida ham amalga oshirildi. “Sovot” qishloq fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan “Tashabbus.sport.uz” loyihasi doirasida hududdagi umumta’lim maktabi hovlisida zamonaviy stritbol va vorkaut sport maydonchasi barpo etilib, yoshlar ixtiyoriga topshirildi.
Yangi sport maydonchalari mahalla yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi va ommaviy sportni yanada ommalashtirishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA