6 nafar sportchida doping aniqlandi
Xalqaro doping tekshiruv agentligi(ITA) joriy yilning 23 iyul – 8 avgust kunlari Tokioda o‘tkazilgan yozgi olimpiya o‘yinlari jarayonida olingan tekshiruvlar natijasini e’lon qildi.
"Tokio-2020" uchun belgilangan doping-tekshiruv dasturiga binoan 171 ta davlatning 4250 nafardan ziyod sportchisidan olingan 6200 ta doping tashxislari o‘tkazilgan.
Tekshiruv xulosalariga ko‘ra, olimpiya o‘yinlari jarayonida olingan doping-testda 6 nafar sportchi xalqaro antidoping qoidalarini buzgan, deb topildi. Ya’ni ularning tanasida taqiqlangan modda borligi aniqlangan va qoidabuzarlarning ishi Sport arbitraj sudining antidoping bo‘limiga hamda tegishli sport federatsiyalariga yuborilgan. Lekin ma’lumotda doping aniqlangan sportchilarning ismi-sharifi va mamlakati keltirilmagan.
ITA xabarida qayd etilishicha, 34,6 foiz testlar musobaqadan tashqarida, 65,4 foizi esa bellashuvlar jarayonida olingan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA