6 mingdan ortiq bitim eskrou orqali oldi-sotdi qilindi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va transport vositalari bozori sezilarli darajada rivojlanmoqda. Bu jarayonda eng muhim masalalardan biri — bitimlarning xavfsizligi va foydalanuvchilarning manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi. Shu bois eskrou hisobvaraqlari orqali oldi-sotdi jarayonlari tobora ommalashib bormoqda.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, joriy yilning 1–7-aprel kunlari eskrou hisobvaraqlari orqali jami 6 ming 156 ta bitim amalga oshirilgan. Shu bitimlarning 3 ming 904 tasi transport vositalari, 2 ming 252 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan. Hududlar kesimida eng ko‘p bitimlar Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqand viloyatida ro‘yxatga olingan. Bu esa aholi zichligi, bozor faolligi va ushbu tovarlarga bo‘lgan talabning yuqoriligi bilan izohlanadi.
Eskrou hisobvarag‘i — xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi moliyaviy operatsiyalarni xavfsiz amalga oshirishga qaratilgan mexanizm hisoblanadi. Mablag‘ bitim to‘liq rasmiylashtirilgunga qadar maxsus hisobvarag‘ida saqlanadi va shartlar bajarilgandan so‘nggina sotuvchiga o‘tkaziladi. Bu tizim orqali firibgarlik holatlarining oldi olinadi, hisob-kitoblarda shaffoflik ta’minlanadi va foydalanuvchilarning manfaatlari himoya qilinadi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, eskrou hisobvaraqlari bozorda ishonchni mustahkamlaydi va yuridik xavfsizlikni ta’minlaydi. Xususan, yangi qonunchilikka muvofiq, bu mexanizm orqali amalga oshirilgan bitimlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi va soliq hisobotlari bilan muvofiqlashtirilishi talab etiladi.
Shu bois eskrou hisobvaraqlari nafaqat foydalanuvchilar uchun xavfsizlikni ta’minlovchi, balki O‘zbekistonning ko‘chmas mulk va transport bozoridagi samarali moliyaviy instrumentga aylanmoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, kelgusida ushbu mexanizmni kengaytirish va bozordagi barcha ishtirokchilar uchun majburiy qilish orqali iqtisodiy operatsiyalarning shaffofligi va ishonchliligi yanada mustahkamlanishi mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA