6 ming 576 nafar fuqaro tarmoqdan uzildi
Dunyoda global iqlim o‘zgarishi oqibatida O‘zbekistonda ham suv tanqisligi tobora dolzarblashib borayotgani hech kimga sir emas.
– Bu borada targ‘ibot tadbirlarini yo‘lga qo‘yganmiz, toza ichimlik suvi yetib bormagan aholi yashash hududlariga toza ichimlik suvi tarmoqlarini tortish bo‘yicha manzili va maqsadli ishlarni amalga oshiryapmiz.–deydi "Sirdaryosuvta’minoti" AJ boshqaruvi raisi Shahboz Akramov. –Ammo toza ichimlik suv sarfi ortgani sari, suv iste’molchilarining debitorlik qarzdorligi ham kun sayin oshib bormoqda. Misol uchun aytganda, shu bugungi kun holatiga aholining toza ichimlik suvidan bo‘lgan debitor qarzdorligi 34, 7 milliard so‘mdan, yuridik tashkilotlarniki esa 2,5 milliard so‘mdan oshib ketgan. Bunga esa, toza ichimlik suvi iste’mol qiladiganlar belgilangan qoidalarga rioya etmasligi, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasligi, suv hisoblash uskunasida aks etgan ko‘rsatkichlarning billing bazasiga kiritilmaganligi sabab bo‘lmoqda.
Joriy yilning 9 oyi davomida mazkur tashkilot tomonidan suvdan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, foydalanilgan ichimlik suvi haqini to‘lamaslik holati yuzasidan 8 ming 616 ta material sudlarga taqdim etilgan. Taqdim etilgan materiallardan 6 ming 576 tasi qanoatlantirilib, iste’molchilar belgilangan qonun- qoida doirasida tarmoqdan uzilgan.
Har bir litr suv hisob-kitobli, undan oqilona foydalanmas ekanmiz, suv resurslari bilan bog‘liq muammolar ko‘payaveradi. O‘tkazilayotgan targ‘ibot va reyd tadbirlaridan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri