Sektor hududidagi 46 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 29 mingdan ziyod xonadon mavjud. 39 ming 764 oilada 163 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasiga biriktirilgan 4-sektor hududida amalga oshirilayotgan ishlardan aholi mamnunmi? Rejada belgilangan chora-tadbirlarning necha foizi bajarildi?
Sektor hududidagi 46 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 29 mingdan ziyod xonadon mavjud. 39 ming 764 oilada 163 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Viloyat soliq boshqarmasi matbuot va axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, jami aholining 5,7 foizi ehtiyojmand. Ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy koʻmak berish boʻyicha sektordagi 484 nafar saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan 2 ming 722 ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga 797 million soʻmlik amaliy yordam berilgan.
Xususan, 237 nafar fuqaroga 108 million 400 ming soʻm moliyaviy yordam koʻrsatilgan. 2 ming 348 nafar fuqaro 579 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari, 8 nafar fuqaro 5 million 600 ming soʻmlik dori-darmon bilan taʼminlangan. Shuningdek, 17 nafar kam taʼminlangan fuqaroga 39 million 100 ming soʻmlik issiqxona qurib berilgan. Pandemiya tufayli eʼlon qilingan karantin davrida 4-sektor hududida oilasiga olib kelayotgan daromaddan mahrum boʻlgan fuqarolarga koʻmaklashilmoqda.
Guliston tumani Zarbdor mahallasida yashovchi fuqaro U.Turonov xonadonida boʻldik. Bir uyda 2 oila, 10 jon yasharkan. Umumtaʼlim maktabida qorovul boʻlib ishlayotgan U.Turonov 560 ming soʻm oylik maosh olar ekan. Turmush oʻrtogʻi karantin sabab 3 oydan buyon daromad manbaidan mahrum boʻlgan, 2 nafar farzandining biri nogiron. U.Turonov oilasiga oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlari muntazam yetkazib turilganidan, 4-sektor rahbari tashabbusi bilan tomorqasidan samarali foydalanishi hamda moddiy holatini yaxshilab olishi uchun bir sotixli issiqxona qurib berilganidan juda mamnun. Bundan tashqari u nogiron farzandining jarrohlik amaliyoti Toshkent shahridagi “Akfa medlayn” klinikasida bepul amalga oshirilishidan juda minnatdor.

– Sektorda olib borayotgan ishimizning asosiy mazmuni – ehtiyojmandlarga moddiy yordam koʻrsatish yoki maslahatlar berishgina emas, balki, kambagʻallik darajasidagi fuqarolarni bu holatdan chiqarishga alohida eʼtibor qaratib, ularni kafolatlangan daromad olishini taʼminlashdan iborat, – deydi viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi, 4-sektor rahbari Joʻrabek Gʻoyibov. – Xususan, sektor hududidagi ehtiyojmand oilalarda mehnatga layoqatli 2 ming 459 nafar aholi istiqomat qiladi. Shu kunga qadar, ularning mingga yaqinining bandligi taʼminlandi.
Masalan, “Bek klaster” qoʻshma korxonasi Mirzaobod tumanida yashovchi 74 nafar fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlagan boʻlsa, Sayxunobod tumani Oʻrikzor mahallasidagi “Yorqinbek Yashnarov” qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish kooperativiga 40 nafar shu hududda istiqomat qiluvchilar, qolganlari esa jamoatchilik asosidagi haq toʻlanadigan mehnatga, 4-sektor hududidagi gʻallachilik hamda paxtachilik fermer xoʻjaliklariga ishga joylashtirildi.

Darvoqe, hududdagi yangi loyihalarni amalga oshirish natijasida Guliston tumanida oʻtgan oyda ishga tushgan “Milli tekstil Sirdaryo” masʼuliyati cheklangan jamiyati 260 nafarga qoʻshimcha yana 140 nafar, shu oyda faoliyatini boshlagan “Mis miledi” hamda “Ravshan-Azamat” firmalari qoshidagi 2 ta tikuv fabrikasida jami 450 nafar, Mirzaobod tumanidagi “Guliston gold yarn” masʼuliyati cheklangan jamiyatining toʻqimachilik korxonasi ip va mato ishlab chiqarish sexiga 80 nafar, aksiyadorlik tijorat “Turon bank”i Sirdaryo filiali tomonidan yangi tashkil etilgan 20 gektar limonchilik issiqxonasiga 46 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.
– Sektorimizdagi qolgan mehnatga layoqatli fuqarolarni ish bilan taʼminlash maqsadida hududdagi tumanlar hokimlari bilan birgalikda aniq yoʻnalishlarda hisob-kitob qilib oldik, – deydi Joʻrabek Gʻoyibov. – Jumladan, sanoat sohasidagi korxonalarga 194 nafar, qurilish sohasidagi korxonalarga 391 nafar, xizmat koʻrsatish va savdo faoliyatiga 207 nafar, meva va sabzavotchilik xoʻjaliklariga 318 nafar, oʻzini oʻzi band qilish ishiga 449 nafar, karantin talablari yumshatilishi bilan faoliyatini tiklay boshlagan korxonalarga 680 nafar fuqarolarni bandligini taʼminlash maqsadida ish olib borayapmiz.