4 nafar xorijlik o‘qituvchi yoshlarga saboq bermoqda
2023-2024 o‘quv yilida Buxoro viloyati umumta’lim maktablariga matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda ingliz, nemis, fransuz va rus tili fanlaridan jami 10 nafar xorijlik o‘qituvchini jalb etish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda 4 nafar mutaxassis viloyat maktablarida faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “ZO‘R!” (KLASS) loyihasi doirasida Buxoro shahridagi 42-, Jondor tumanidagi 1-, Romitan tumanidagi 3-umumta’lim maktablarida 3 nafar rossiyalik pedagog o‘quvchilarga rus tili, matematika va biologiya fanlaridan saboq bermoqda.

Buxoro shahridagi 7-umumta’lim maktabida ingliz tili fani mutaxassisi ingliz tilini sifatli o‘qitish borasida hamkorlik faoliyatini boshladi.
–3 yildan buyon “Zo‘r!” (KLASS) loyihasi doirasida buxorolik o‘quvchilarga rus tili va adabiyoti fanidan saboq berib kelyapman, – deydi ayni paytda Jondor tumanidagi 1-umumta’lim maktabida faoliyat olib borayotgan muallima Rima Salimgariyeva. –Bu yerlik o‘quvchilar bilan ishlash men uchun juda maroqli. Negaki, ularning rus tilini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi baland. Maktab jamoasi bilan ham tezda inoqlashib ketdik. Axir, bizni yagona maqsad birlashtirib turadi. O‘quvchilarga sifatli ta’lim berish va ularni har tomonlama komil insonlar qilib tarbiyalashga hissam qo‘shilayotganidan mamnunman.

–Maktabimizda ta’lim rus tilida olib boriladi, – deydi Romitan tumanidagi 3-umumta’lim maktabi direktori Nigora Latipova. –Tabiiyki, bizda rusiyzabon o‘qituvchilarga ehtiyoj mavjud. Joriy o‘quv yilidan jamoamizda rossiyalik o‘qituvchining ish boshlagani barchamizni mamnun etdi. Andrey Ofiserov yuqori sinf o‘quvchilariga biologiya fanidan dars beradi. Tajribali va yuksak mahoratga ega bo‘lgan xorijlik muallim ayni paytda o‘quvchilarning sevimli o‘qituvchisiga aylanib ulgurdi. Uning o‘ziga xos noodatiy, qiziqarli o‘yinlarga yo‘g‘rilgan darslari, to‘garak mashg‘ulotlari o‘quvchilarimizning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Buxoro shahridagi 42-IDUMda matematika fanidan saboq berib kelayotgan Yuriy Burmistrov, Buxoro shahridagi 7-umumta’lim maktabida ish boshlagan ingliz tili fani mutaxassisi Kristi Puttumannil Babu haqida ham hamkasblari va o‘quvchilari shunday iliq fikrlarni bildirishdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri