35 yil – 35 fakt: O‘zbekistonda bojxona tizimi qanday o‘zgardi?
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston bojxona xizmati ham davlatchilik bilan birga shakllanib, bosqichma-bosqich yangicha yondashuv asosida takomillashdi. 1991-yil milliy bojxona tizimining institutsional poydevori yaratilgan bo‘lsa, keyingi yillarda huquqiy asos mustahkamlandi, xalqaro hamkorlik kengaydi, nazorat mexanizmi yangilandi.
Ayniqsa, 2017-yildan keyin bojxona tizimida raqamlashtirish, xavf darajasiga qarab nazorat qilish, elektron deklaratsiyalash va avtomatik rasmiylashtirish izchil joriy etildi. Natijada tizim an’anaviy nazorat usulidan qochib, tadbirkorlar uchun tartib-taomilni soddalashtirish va qonuniy tashqi savdoni yengillashtirishga yo‘naltirilgan zamonaviy uslub sari intildi.
“35 yil – 35 fakt” ruknida mamlakatimiz bojxona xizmatida yuz bergan muhim o‘zgarishlarni yillar kesimida sanab o‘tamiz.
1991-2016 YILLAR: MILLIY BOJXONA TIZIMI SHAKLLANISHI
1991
Prezidentning 25-oktabrdagi farmoni bilan Bojxona qo‘mitasi tashkil etildi. Shu tariqa bojxona siyosatini yuritish va mamlakat iqtisodiy manfaatini himoya qilish uchun huquqiy asos yaratildi.
1992
28-iyulda O‘zbekiston Jahon bojxona tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Bu milliy bojxona tizimini xalqaro standart asosida rivojlantirish va xorijiy bojxona ma’muriyatlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatini kengaytirdi.
Vazirlar Mahkamasining 12-avgustdagi qarori bilan Qo‘mitaning markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va bojxona postlarining tashkiliy tuzilmasi belgilandi.
1997
Prezidentning 8-iyuldagi farmoni bilan Davlat bojxona qo‘mitasi mustaqil markaziy davlat boshqaruvi organi sifatida qayta tashkil etildi.
29-avgustda “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, bojxona idoralarining vazifasi, huquqi va vakolati mustahkamlandi.
Shu kuni “Boj tarifi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, tashqi savdoni tarif vositalari orqali tartibga solishning yagona huquqiy mexanizmi belgilandi.
26-dekabrda birinchi Bojxona kodeksi qabul qilinib, bojxona rejimi, nazorat, rasmiylashtirish va to‘lovga oid me’yorlar yagona hujjatga jamlandi. Kodeks 1998-yil 1-martdan amalga kiritildi.
2003
Vazirlar Mahkamasining 22-maydagi qarori bilan Oliy harbiy bojxona instituti faoliyati tashkil etildi. Institutda o‘quv mashg‘ulotlari 2003-yil 1-sentabrdan boshlanib, soha uchun professional kadrlar tayyorlashning ixtisoslashgan tizimi shakllandi.
2011
Prezidentning 10-avgustdagi qarori bilan bojxona xizmati samaradorligini oshirish va texnik jihatdan modernizatsiya qilish bo‘yicha kompleks choralar belgilandi.
2016
20-yanvarda qabul qilingan yangi Bojxona kodeksi 22-apreldan amalga kirib, nazorat, rejim, to‘lov va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining huquqi hamda majburiyatini zamonaviy asosda tartibga solindi.
2017-2026 YILLAR: RAQAMLI VA XAVFGA ASOSLANGAN BOJXONA SARI
2017
1-yanvardan eksport kontraktini bojxona organida alohida hisobga qo‘yish talabi bekor qilinib, tashqi savdo shartnomalarini elektron monitoring qilish tizimiga o‘tildi. Bu eksportchilar uchun ortiqcha ma’muriy jarayonni qisqartirdi.
Vazirlar Mahkamasining 11-oktabrdagi qarori bilan ikki yo‘lakli tizimning huquqiy asosi belgilandi. Natijada yo‘lovchilarni xavf darajasiga qarab differensial nazorat qilish imkoniyati kengaydi.
2018
Prezidentning 12-apreldagi farmoni bilan yukni bir xil tekshirishdan xavf darajasiga asoslangan tanlab nazorat modeliga o‘tish belgilandi.
Prezidentning shu kuni tasdiqlangan qarori bilan bojxona organlarining yangi tuzilmasi tasdiqlanib, 2018-2021-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” belgilandi.
Prezidentning 29-iyundagi qarori bilan asossiz individual imtiyozni qisqartirish, raqobatni kuchaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan yondashuv belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 31-iyuldagi qarori elektron deklaratsiyalash mexanizmini takomillashtirdi. Deklaratsiya va ruxsat hujjatini axborot tizimi orqali qayta ishlash imkoniyati kengaydi.
18-oktabrdagi Qonun bilan bojxona organlarining vazifasi, vakolati va xizmatni tashkil etish mexanizmi yangi sharoitga moslashtirildi.
Prezidentning 2-noyabrdagi qarori asosida bakalavriat, magistratura, qayta tayyorlash va malaka oshirishni qamrab olgan zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimi shakllantirildi.
Prezidentning 24-noyabrdagi farmoni asosida xavfni boshqarish tizimi rivojlantirildi. 2019-yil 1-martdan “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan tizimi bojxona rasmiylashtiruvi jarayoniga to‘laqonli jalb qilinib, nazorat “yashil”, “sariq”, “qizil” va “ko‘k” yo‘laklar bo‘yicha tasniflandi.
2019

29-apreldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Vakolatli iqtisodiy operator institutini joriy etish tartibi belgilandi. Natijada qonunchilik talabiga barqaror rioya qiluvchi tashqi savdo ishtirokchilari uchun maxsus soddalashtirishdan foydalanish imkoni yaratildi.
Vazirlar Mahkamasining 18-noyabrdagi qarori bojxona, chegara, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazoratini muvofiqlashtirishning huquqiy asosini belgiladi.
2020
Prezidentning 5-iyundagi farmoni raqamlashtirish, xavfni boshqarish, bojxona auditi va xalqaro standartni joriy etishni yagona strategik dasturga birlashtirdi.
21-dekabrdagi Qonun bilan O‘zbekistonning Yangilangan Kioto konvensiyasiga qo‘shilishi ma’qullandi. Hujjat 2021-yil 16-fevralda Jahon bojxona tashkilotiga topshirildi va Konvensiya O‘zbekiston uchun shu yil 16-maydan kuchga kirdi.
2021
Prezidentning 2020-yil 5-iyundagi farmonida belgilangan vazifalar asosida 1-yanvardan xavf darajasi past (“yashil yo‘lak”) bojxona yuk deklaratsiyasini inson omilisiz avtomatik chiqarib yuborish tizimi bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi.
Vazirlar Mahkamasining 25-fevraldagi qarori bilan kameral va sayyor bojxona auditi tartibi belgilandi. Nazoratning bir qismi tovar chiqarib yuborilganidan keyingi bosqichga ko‘chirildi.
Vazirlar Mahkamasining 8-iyuldagi qarori asosida xalqaro yuk tashuvida transport vositasi harakatini elektron plomba orqali kuzatish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentning 10-sentabrdagi farmoni bilan masofaviy elektron deklaratsiyalash postlarini tashkil etish belgilandi. 1-oktabrdan dastlab Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida ishga tushirilib, deklaratsiyani tovar joylashgan hududdan qat’i nazar, masofadan ko‘rib chiqish imkoni yaratildi.
2022
1-fevraldagi Qonun bilan Kodeksga keng ko‘lamli o‘zgarish kiritilib, bojxona tartib-taomili zamonaviy amaliyotga moslashtirildi.
Prezidentning 25-apreldagi farmoni bilan rejimdan foydalanish imkoniyati kengaytirildi. Bu xorijiy xom ashyoni qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot eksport qilish uchun qo‘shimcha sharoit yaratdi.
Prezidentning 27-apreldagi farmoni axborot tizimini integratsiya qilish, avtomatlashtirishni kengaytirish va inson omilini qisqartirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi.
2023

Prezidentning 2022-yil 21-dekabrdagi farmoni bilan ma’muriy islohotlar doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi. Mazkur institutsional model 2023-yil amaliyotga joriy qilindi.
2024
27-fevraldagi Qonun bilan, jumladan, bojxona qiymatini aniqlash hamda ayrim bojxona rejimlariga oid me’yorlar takomillashtirildi.
2025
Prezidentning 25-martdagi farmoni va tegishli qarori bilan bojxona idoralari tuzilmasi, vazifasi, nazorat mexanizmi va raqamlashtirish yo‘nalishlari qayta ko‘rib chiqildi.
Prezidentning 17-dekabrdagi farmoni bojxona rasmiylashtiruvini avtomatlashtirish, xavfga asoslangan nazoratni kengaytirish va yirik hajmdagi ma’lumotni tahlil qilishni keyingi bosqichga olib chiqdi.
2026
Prezidentning 2025-yil 17-dekabrdagi farmoni asosida 2026-yil tashqi savdo tartibotini soddalashtirish bo‘yicha yangi mexanizm kuchga kirdi. Jumladan, 2026-yil 1-maydan tashqi savdoga oid notarif taqiq va cheklovni kamida uch oy oldin “Yagona darcha” tizimida e’lon qilish mexanizmi joriy etildi, Joriy yil 1-iyundan esa tadbirkorlarga bojni 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni berildi.

Xulosa qilib aytganda, o‘tgan 35 yilda O‘zbekiston bojxona tizimi milliy institutni shakllantirish bosqichidan raqamli, avtomatlashtirilgan va xavfga asoslangan boshqaruv usuliga o‘tdi. Bugungi islohotlarning asosiy mazmuni – qonuniy savdoni tezlashtirish, ortiqcha nazoratni kamaytirish, inson omilini cheklash va bojxona resurslarini yuqori xavfli amaliyotga yo‘naltirishdan iborat.
Zamonaviy bojxona xizmati davlatning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash bilan birga, tashqi savdoni yengillashtirish va mamlakatning xalqaro savdo tizimiga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi muhim institut sifatida rivojlanmoqda.
Maqola Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Musulmon Ziyo, O‘zA