28 dekabr - Xalqaro kino kuni
Butun dunyoda keng nishonlanadigan Kino kuni sohaga aloqador insonlarning haqiqiy bayramidir.
1895 yil 28 dekabr kuni Parijning Kaputsinlar xiyobonida joylashgan Grand-kafeda aka-uka Lyumerlar birinchi kinoni namoyish etdi va aynan shu sana Xalqaro kino kuniga aylandi.
O‘shanda dunyodagi ilk qisqa metrajli “La Cota vokzaliga poyezd kelishi” filmi keng jamoatchilikka taqdim etilgan. Qolaversa, bu pul evaziga ommaga namoyish etilgan birinchi film edi.
To‘g‘risi, debocha odamlarni chinakamiga vahimaga solgan. Tomoshabinlar ekranda yaqinlashib kelayotgan poyezd ularni ezib yuborishidan qo‘rqib, zaldan qochib chiqishgan. Hozir kulgili tuyuladigan ayni voqea o‘z davri uchun haqiqat.
Keyinchalik surata tushirish texnikasi takomillashdi, kadrning yangicha, badiiy usullari paydo bo‘ldi va tabiiyki, filmlar davomiyligi ham oshdi. Rejissyorlik, aktyorlikka yondashuv sifati o‘zgardi, kinematografiya janrlari vujudga kela boshladi. Kartinalarning badiiy jihatdan o‘ziga xosligi, tasviriy texnika majmuasi shakllandi. Dunyo bo‘ylab ommaviy ravishda studiya, kinoteatrlar ochildi.
O‘zbek kinematografiyasi ibtidosi mashhur o‘zbek fotografi va rejissyori Xudoybergan Devonov nomi bilan bog‘liq. U 1910 yil mamlakatimiz kinosi tarixidagi ilk hujjatli videolavhani tasmaga muhrlagan. O‘sha tasvirda Xiva xoni Asfandiyorxonning poytaxt ko‘chalari bo‘ylab sayohati aks etgan. Ilk milliy badiiy filmimiz - “Ajal minorasi” esa 1925 yilda suratga olingan.
Keyingi yillarda yurtimiz milliy kino san’ati asriy an’analarini asrash, rivojlantirish, ushbu san’at turi orqali mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtasini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik ko‘lamini, madaniy aloqani kengaytirish hamda jahonga mashhur Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash borasida sezilarli ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari Toshkent xalqaro kinofestivali ilk bor 1968 yil “Tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlar do‘stligi uchun” shiori ostida uyushtirilgan. O‘sha yili O‘zbekistonga dunyoning 22 mamlakatidan taniqli prodyuser, rejisssyor va kino yulduzlari tashrif buyurib, anjumanda 50 ga yaqin kartina namoyish qilingan. Mazkur festival 1988 yilga qadar muntazam tashkil etilgan. Keyin esa faqat 1992 va 1997 yillarda o‘tkazilgan, xolos.
Prezidentimizning 2021 yil 19 iyundagi qaroriga muvofiq, “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali” “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan qayta tiklandi va ushbu san’at anjumani har yili sentyabr-oktyabr oylarida poytaxtimizda o‘tkazilishi belgilandi. Zamonaviy formatdagi Toshkent festivali joriy yil ilk bor muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Yaqinda “Ob’ektiv” («Objective») qisqa metrajli filmi xalqaro Yalta kinofestivali “Milliy kolorit uchun” nominatsiyasi g‘olibi, deb topildi. Mazkur kartina «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali dasturidagi “Besh kunda kino” yosh rejissyorlar loyihasi asosida yaratilib, “Hay’at a’zolarining maxsus sovrini” hamda “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyalari bo‘yicha bosh mukofotga sazovor bo‘lgan edi.
Hozir yer yuzida 1000 dan ziyod turli kinofestivallar mavjud.
Eng yirik xalqaro kino anjumanlaridan biri - Venetsiya (Italiya) kinofestivalining bosh sovrini “Avliyo Markning oltin sheri” hisoblanadi.
Kann xalqaro kinofestivali 1946 yildan boshlab har yili aprel-may oylarida o‘tkaziladi. Bosh sovrini - “Oltin palma shoxi”, maxsus sovrin esa - “Oltin kamera”.
1951 yildan buyon o‘tkazib kelinadigan Berlin xalqaro kinofestivalining bosh sovrini - “Oltin ayiq”, keyingi o‘rinda turuvchi sovrini - “Kumush ayiq”dir.
Har yili San-Sebastyan (Ispaniya)da o‘tkaziladigan kino anjumaniga 1953 yil asos solingan. Sovrinlari: “Katta oltin chig‘anoq”, “Oltin chiganoq” va “Kumush chig‘anoq”.
Moskva xalqaro kinofestivali 1959 yildan o‘tkazila boshlangan, bosh sovrini - “Avliyo Georgiy”.
Toshkent xalqaro kinofestivali bosh sovrinlari: “Oltin semurg‘”, “Kumush semurg‘”, “Oltin archa”, “Oltin lola”.
Ulug‘bek Mahmirzayev tayyorladi.
O‘zA