26 kilometrlik uzum ishkomlari
Andijon viloyatining Asaka, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlarida 9 ming gektar, xususan, 2,4 ming gektar aholi xonadonlarida uzum yetishtirish bo‘yicha “mahallabay” tizimi asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu yo‘nalishda, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirish klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Buloqboshi tumanida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumanda “mahallabay” ishlash tizimi asosida har bir mahallaning o‘sish nuqtalari, ya’ni drayver yo‘nalishi belgilab olindi. Xususan, tumanning o‘ziga xos iqlimi, aholining uzumchilik sohasidagi tajribasidan kelib chiqib, 11 ta – Toshkechik, Uchko‘cha, Buyuk turon, Qumguzar, Farovon, Xontepa, Guliston, Boymahalla, Yuksalish, Shohguzar va Do‘lana mahallalari uzum yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda.
Aholi xonadonlarining har birida yiliga 2 tonnadan 10 tonnagacha hosil yetishtiriladi. Bu bilan aholi uzum yetishtirishdan yiliga o‘rtacha 20-25 million so‘m daromad oladi. Umuman, yuqorida qayd etilgan mahallalar aholi xonadonlaridagi mavjud 323 gektar tomorqa maydonidan joriy yilda 7 ming tonnaga yaqin uzum yetishtirilishi ko‘zda kutilmoqda.
Mazkur mahallalarda uzumchilikni rivojlantirish, sohaga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirishga qaratilgan ishlar ko‘lami tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, “Andijon tajribasi” sifatida ko‘chalarga suri toklar qurilayotganligi yuqori samara bermoqda.
2021-2022 yil davomida tumandagi 21 ta mahallaning 40 ta ko‘chasida 982 ta xonadonga 6,8 milliard so‘m kredit evaziga 26 kilometr uzunlikdagi uzum ishkomlari barpo etildi. Qurilgan suri toklarning ma’lum qismiga yangi ko‘chatlar o‘tkazildi. Ana shu ko‘chatlar hosilga kirgach, yana 2 ming tonna qo‘shimcha hosil olish imkonini beradi.
Ushbu tajribani 2023-2025 yillarda davom ettirib, yana 20 kilometr ichki yo‘llarga ishkomlar qurish orqali 300 gektar yangi tokzorlar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda tumandagi 3 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 200 ming tupdan ziyod, aholi xonadonlarida esa 30 ming tup ortiq uzumning “Andijon qora”, “Rizamat ota”, “Husayni” va “Kelin barmoq” singari serhosil navlari qalamchalari yetishtirilmoqda.
Tumanning Uchko‘cha mahallasidagi har bir xonadonda uzum yetishtiriladi. Shunga yarasha har bir oila yiliga o‘rtacha 10 million so‘mdan 45 million so‘mgacha daromad topadi. Shu bois ham ularning ilg‘or tajribalari viloyat, respublika miqyosida keng ommalashtirilmoqda.
Uchko‘cha mahallasi Farog‘at ko‘chasidagi uzum yetishtiruvchi 21 ta xonadonga “Mikrokreditbank” tomonidan 138 million so‘m, ya’ni har bir xonadonga o‘rtacha 6-7 million so‘mdan kredit ajratilib, ko‘chalarga suri toklar qurib berilishi hisobiga har bir xonadondan qo‘shimcha yana 1-1,5 tonna uzum yetishtirishga erishildi. Umuman, mazkur ko‘chadagi 200 metr suri tokda parvarishlangan uzumdan 30 tonnadan ziyod hosil olinadi.
– Xonadonimizda uzum yetishtirish avloddan avlod o‘tib kelayotgan mashg‘ulot, – deydi Uchko‘cha mahallasi, Farog‘at ko‘chasida yashovchi tomorqa yer egasi Avazbek Teshaboyev. – Bolaligimdan otamning yonida turib uzum parvarishi bilan bog‘liq yumushlarni puxta o‘rganganman. Hozirda tomorqamizdagi 8 sotix maydonda uzum yetishtiramiz. Ko‘chamizga ham suri tok qilindi. Umuman, uzum parvarishida har bir tadbirni o‘z vaqtida, sifatli bajarish juda muhim, qolaversa, ko‘chatlarga doimiy qarov kerak.
Darhaqiqat, Uchko‘cha mahallasida 480 xonadonning barchasida uzum yetishtiriladi. Bu borada o‘ziga xos tajriba shakllangan, xonadon sohiblari uzum yetishtirish ishining yetuk mutaxassisiga aylangan.
Muxtasar aytganda, Buloqboshi tumanida uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlar natijasida nafaqat ichki bozorni sifatli va sarxil uzum bilan ta’minlash, balki uzum eksportini oshirish imkonini kengaytirmoqda. Eng asosiysi, uzumchilik bilan shug‘ullanayotgan aholining daromadi ortmoqda, turmush farovonligi yuksalmoqda.
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuhriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA