252 million dollarlik shartnomalar tuzildi
Tatariston poytaxti Qozon shahrida O‘zbekiston-Rossiya hududlararo hamkorligi bo‘yicha III forumda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi ham qatnashmoqda.
Buxoro viloyati hokimligi, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi hamda “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi vakillari, 20 dan ortiq ishbilarmon Rossiya Federatsiyasining hududlari bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda.

Ikki kun davomida ular rossiyalik tadbirkorlar bilan tibbiyot, ta’lim, to‘qimachilik va yengil sanoat sohalarida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha rossiyalik hamkorlar bilan metall quvurlar ishlab chiqarish, Kogon tumanida gipsni qayta ishlash, IT park tashkil qilish kabi umumiy qiymati 100 million dollarlik 9 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Rossiyaning 6 ta yirik kompaniyasi bilan to‘qimachilik, 5 ta korxona bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish kabi qiymati 100 million dollarlik 15 ta eksport kelishuviga erishildi. Shuningdek, Buxoro viloyatidagi sanoat korxonalarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xomashyo va materiallar importi bo‘yicha 52 million dollarlik, jami umumiy qiymati 252 million dollar bo‘lgan investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalari tuzilgan.

Buxoro viloyati delegatsiyasi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda energiya tejovchi innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Shundan kelib chiqib, Buxoro viloyatida dastlabki bosqichda 100 gektar maydonda “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi filialini tashkil etish yuzasidan memorandum imzolandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri