24 ta iqtisodiy ishlarning protsessual muddati kechiktirilgan
Buxoro viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo iqtisodiy sudiga hisobot davrida jami 7 ming 740 ta da’vo arizasi kelib tushgan.
O‘tgan yildan 2021 yilga qoldiq bo‘lib o‘tgan ishlar soni 386 tani tashkil etadi. Shundan 6 ming 740 tasi ish yuritishga qabul qilindi. Hisobot davrining oxiriga qadar 6 ming 584 tasi ko‘rib chiqilgan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 5 ming 448 taga yoki 70,3 foizga ko‘paygan.

Sud majlislarining tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini oshirish, tomonlarga sud protsessida qatnashib, huquq va manfaatlarini himoya qilishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘rilgan 6 ming 584 ta ishlarning 4 ming 452 tasi yoki 67,6 foizi sayyor sud majlislarida hal etilgan. Hal etilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 292,8 milliard so‘m hamda respublika byudjetiga 11,5 milliard so‘m davlat boji undirish to‘g‘risida sud hujjatlari qabul qilingan. Taraflar tomonidan ishni sudda ko‘rish uchun ixtiyoriy to‘langan davlat boji summasi 1,09 milliard so‘mni tashkil etgan.
Buxoro viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo iqtisodiy sudlarida ko‘rish muddati bir yildan oshgan iqtisodiy ishlar hamda tugatish ishlari bir yildan oshgan bankrotlik ishlari mavjud emas. Birinchi instansiya sudlarida ko‘rilgan ishlar soni 70,3 foizga ko‘paygan. Sud qarorlari ustidan shikoyatlar kelishi ham mos ravishda ko‘paygan.

Sudlov hay’ati va tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan qabul qilingan sud xujjatlari ustidan kelib tushgan jami 213 ta shikoyatlarning 44 tasi yoki 20,7 foizi bekor kilingan va o‘zgartirilgan. Bu jami ko‘rilgan ishlarning 0,7 foizini tashkil qiladi. Jumladan, jami 186 ta sud hujjatlari apellyatsiya instansiyasi sudida qayta ko‘rilib, 157 tasi yoki 84,4 foizi o‘zgarishsiz qoldirilgan. 10 tasi yoki 6,3 foizi o‘zgartirilgan hamda 19 tasi yoki 10,2 foizi bekor qilingan.
Jami 27 ta sud hujjatlari Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida qayta ko‘rilgan. 12 ta yoki 44,4 foizi o‘zgarishsiz qoldirilgan. 3 tasi yoki 11,1 foizi o‘zgartirilgan, 12 tasi yoki 44,4 foiz sud hujjatlari bekor qilingan.

Ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan jami 111 ta ta’sir chorasi qo‘llanilgan. Xususan, 13 ta ma’muriy qarorlar qabul qilingan. 32 ta moddiy, 17 ta intizomiy chora qo‘llash haqida hamda 49 ta aniqlangan qonunbuzarliklarning oldini olish va kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan xususiy ajrim va taqdimnomalar chikarilgan.
Buxoro viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 24 ta iqtisodiy ishlarning protsessual muddatlariga rioya qilinmagan. Bunda muddati buzilib natijasi topshirilgan ishlar soni 18 tani, yuborish muddati buzilib, taraflarga yakuniy sud hujjatlarini kech yuborilgan ishlar soni 6 tani tashkil qiladi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda 2021 yilning olti oyi davomida Buxoro viloyati hamda tumanlararo iqtisodiy sudlariga jismoniy va yuridik shaxslar vakillaridan jami 211 ta yozma murojaatlar kelib tushgan. Shundan 195 tasi viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, 10 tasi Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi, 4 tasi G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudi, 1 tasi Kogon tumanlararo iqtisodiy sudi hamda 1 tasi Qorako‘l tumanlararo iqtisodiy sudiga to‘g‘ri keladi. Ushbu murojaatlar to‘liq o‘rganilib, mualliflarga batafsil javob xatlari berilgan.
Hisobot davridagi yozma murojaatlarning 166 tasi Prezident virtual qabulxonasi va ishonch telefoni, 11 tasi Xalq qabulxonasi orqali, 16 tasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi orqali kelib tushgan. Qolgan 18 ta murojaat bevosita tegishli sudlar nomiga yo‘llangan.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA