22 may – Xalqaro bioxilma-xillik kuni
2000 yil 20 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 22 mayni Xalqaro biologik xilma-xillik kuni, deb e’lon qilgan.
Biologik xilma-xillik atrofimizdagi mavjud xilma-xillikni anglatadi. Zero, milliardlab yillik evolyutsiya mahsuli bo‘lmish o‘simliklar, hayvonlar va mayda (mikro) organizmlar tabiiy omil ta’sirida rivojlangan. Shubhasiz, bu omillardan biri shaxs. Baribir, biz haliyam hayotning faqat birgina shakli bo‘lib, boy, tirik va rivojlanayotgan sayyora bilan chambarchas bog‘langanmiz.
Umuman, olimlar biologik xilma-xillikni uch darajada ko‘rishadi. Birinchisi, turlar xilma-xilligi. Dunyoda taxminan 1,7 million tur aniqlangan va har yili olimlar yangi-yangi turlarni kashf qilmoqda. Sayyoramizda jami 13 millionga yaqin turdagi tirik mavjudot yashaydi, deya taxmin qilinadi. Mutaxassislar esa bu raqamni uch milliondan yuz milliongacha, deyishadi.
Ikkinchisi, ekotizim xilma-xilligidagi o‘zgarish. Tirik organizm o‘z-o‘zidan mavjud emas, balki doimo atrof-muhit va bir-biri bilan o‘zaro ta’sir ostida hayot kechiradi. Masalan, o‘rmonda botqoq o‘simligi o‘smaydi, o‘rmon hayvoni o‘tloqda yashamaydi. Shu tariqa ekotizim xilma-xilligi turlar xilma-xilligini oshiradi.
Uchinchisi esa genetik xilma-xillik, ya’ni populyatsiya ichidagi individ xilma-xilligini ko‘rsatadi. Genetik salohiyat qanchalik boy bo‘lsa, butun tur shunchalik sog‘lom, yashovchan ko‘rinadi. Shubhasiz, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarning genetik xilma-xilligi past darajada. Bunday unsurlar yashash joyini o‘zgartirganda tirik qolish imkonini yanada ko‘proq xavf ostida qoldiradi.
Ayrim organizm, populyatsiya va butun turlar o‘rtasidagi har qanday murakkab aloqa, atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sir sayyoramizni chinakam tirik olam sifatida saqlab kelmoqda. Biologik xilma-xillikni asrash har birimizning shaxsiy manfaatimiz. Zero, tabiiy resurslar asosiga qurilgan inson sivilizatsiyasi bizni noyob ekotizim bilan ta’minlaydi. Oziq-ovqat va suv, qurilish va yoqilg‘i uchun yog‘och, dori-darmon uchun xom ashyo – bularning bari tabiatning bizga bergan in’omi. Daladagi o‘simlikni hasharot changlantiradi, o‘rmon iqlim o‘zgarishini barqarorlashtirsa, botqoq qurg‘oqchilikning oldini oladi. Qolaversa, tabiat inson uchun beqiyos madaniy va estetik ahamiyat kasb etadi.
To‘g‘ri, tur yo‘qolishi tabiiy hol, ammo inson ta’siri ostida ayni jarayon yanada jadallashmoqda. Insonning ehtiyotsiz harakati tufayli sayyoramiz dinozavrlar qirilib ketgandan beri kuzatilmagan inqirozga yuz tutmoqda.
Nafaqat yovvoyi tabiat, balki madaniy o‘simliklar, uy hayvonlari zotlari ham xavf ostida qolmoqda. Insoniyat o‘simliklarning ko‘plab navi, duragayini yetishtirdi, ammo iqtisodiy sabab tufayli yangi navlarning faqat kichik bir qismi yetishtiriladi. Qishloq xo‘jaligi hayvonlari zotining 30 foizga yaqini yo‘qolib ketish xavfi ostida.
Yana bir chinakam falokat shundaki, butun boshli ekologiya tizimi yo‘q qilinmoqda yoki degradatsiyaga duchor qilinmoqda. Bu juda ayanchli oqibat keltirib chiqarishiga ko‘p ham e’tibor beravermaymiz. O‘rmon hayoti xilma-xilligi bilan o‘ziga xos. Afsuski, dunyoda o‘rmonining 45 foizi o‘tgan asrda kesilib ketdi. Yashillikni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarga qaramay, umumiy o‘rmon maydoni doimiy ravishda kamayib bormoqda.
Biologik xilma-xillikning eng boy ombori hisoblanadigan marjon qoyalar, hozirgi kunga kelib, 10 foizini yo‘qotgan. Qolganining ham uchdan bir qismi yomonlashish yoki 10-20 yil ichida yo‘qolish xavfi ostida. Sohil bo‘yidagi suv-botqoq ham kamaymoqda. Bu fojianing markazida ongli jonzot – inson omili turgani esa o‘ta achinarli. Jarayon shunday davom etsa, ajdodlarimizning an’anaviy tajribasidan foydalangan holda barqaror dehqonchilik qilish, ya’ni farovonlikni ta’minlash masalasi dolzarb bo‘lib qolaveradi.
Yaroqsiz, shikastlangan ekotizim takror ishlab chiqarish darajasini saqlab qololmaydi. Natijada oziq-ovqat zanjiri uziladi, tabiiy muvozanat buziladi va ekotizim qayta tiklanmaydigan holatga keladi. Binobarin, biologik xilma-xillikni saqlash va tiklash insoniyat omon qolishi kafolati ekanini unutmaylik.
S.Rahimov,
O‘zA