2026-yilda 18 ta chiqindi poligoni tugatiladi
Raqamlar bir qarashda oddiy tuyulishi mumkin. Ammo bu raqam ortida o‘nlab gektar yer maydonining qayta tiklanishi, chiqindilarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish va aholi yashash hududlarini ekologik jihatdan yanada obod qilishga qaratilgan katta jarayon turibdi.
Mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish tizimi bosqichma-bosqich o‘zgarmoqda. Endi asosiy vazifa faqat chiqindini yig‘ish va poligonga olib borish emas, balki poligonlar sonini kamaytirish, foydalanishdan chiqarilgan hududlarni qayta tiklash va chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini kengaytirishdan iborat. Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-fevraldagi tegishli Farmonida ham 2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlari sonini kamida 50 foizga qisqartirish vazifasi belgilangan. Jumladan, 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 27 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm hududlaridagi 18 ta chiqindi poligonida rekultivatsiya ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Xo‘jayli tumanidagi “Jana jap” OFY hududida 5,27 gektar va Beruniy tumanidagi “Palvash” MFY hududida 9,90 gektar, Andijon viloyatida Jalolquduq tumanidagi “Dostonobod” MFYda 1,50 gektar va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Jannatmakon” MFYda 2 gektar, Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Arabxona” MFYda 3 gektar, Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi “Mirzadala” MFYda 9,14 gektar, Qashqadaryo viloyatida Qarshi tumanidagi “Charog‘il” MFYda 5 gektar, Yakkabog‘ tumanidagi “Navro‘z” MFYda 5 gektar va Kasbi tumanidagi “Qoratepa” MFYda 2,5 gektar, Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Yangiariq” MFYda 7 gektar, Samarqand viloyatida Paxtachi tumanidagi “Chashma” MFYda 5 gektar, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Boltabek” MFYda 4,35 gektar va Payariq tumanidagi “Do‘stlik” MFYda 7 gektar, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi “Gilambob” MFYda 2 gektar, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Sultonobod” MFYda 4,49 gektar, Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi “Maslahat” MFYda 1,60 gektar hamda Xorazm viloyatida Yangiariq tumanidagi “Qorako‘z” MFYda 2 gektar va Gurlan tumanidagi “Chinobod” MFYda 3,60 gektar maydondagi chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2027-yilda 11 ta poligonda 43,49 gektar, 2028-yilda 9 ta poligonda 79,74 gektar hamda 2029-yilda 8 ta poligonda 25,12 gektar maydonni rekultivatsiya qilish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugun respublika bo‘yicha 200 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, ularning umumiy maydoni 1,649 ming gektarni tashkil etadi. 2024–2025-yillarda 50 ta poligonda jami 255,34 gektar maydon rekultivatsiya qilinib, tuproq qatlami bilan yopilgan. 2026-yilda esa Namangan viloyatining Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani hamda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi jami 4 ta, umumiy maydoni 6,61 gektar bo‘lgan chiqindi poligonida rekultivatsiya ishlari to‘liq yakunlanib, ularning faoliyati to‘xtatildi.
Bundan tashqari chiqindilarni yig‘ish, tashish va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida joriy yilda respublika hududlarida 29 ta yangi chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu stansiyalar ishga tushirilishi natijasida umumiy maydoni 80,35 gektar bo‘lgan yana 18 ta chiqindi poligoni faoliyatini tugatish ko‘zda tutilgan.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar chiqindi poligonlari sonini bosqichma-bosqich qisqartirish, foydalanilmayotgan yerlarni qayta tiklash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda chiqindilarni boshqarish tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA