2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25 sanalarida "Avtomobilsiz kun", "Avtomobilsiz hafta" aksiyalari o‘tkazib boriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, transport tizimini ekologik jihatdan takomillashtirish maqsadida, 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25 sanalarida "Avtomobilsiz kun", "Avtomobilsiz hafta" aksiyalari o‘tkazib boriladi. Bunda:
mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;
ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
2026-yil 1-avgustdan boshlab aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida "trade-in" dasturi doirasida eskirgan avtotransport vositalarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismini qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrga qadar respublikadagi barcha neftni qayta ishlash zavodlarini 2028-yil 1-noyabrga qadar "Yevro-4", 2030-yil 1-martdan boshlab "Yevro-5" ekologik toifa talablariga muvofiq bo‘lgan motor yoqilg‘ilarini ishlab chiqarishni nazarda tutgan holda modernizatsiya qilish hamda ularni rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi.
2026-yil yakuniga qadar "Ekologik transport" tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi "qizil", "sariq" va "yashil" zonalariga ajratib chiqiladi.
2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahridagi barcha avtotransport vositalariga ekologik toifasini tasdiqlovchi ekologik stikerlar berilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora- tadbirlar amalga oshiriladi.
Tabiiy changning oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar doirasida:
a) bir oy muddatda Jahon bankining "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasi doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘larning bir qismini Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘" barpo etish loyihasiga yo‘naltirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, 2026-yil 1-apreldan boshlab chang bo‘ronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor"lar barpo etish boshlanadi.
Ekologiya qo‘mitasi Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil 1-apreldan boshlab Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi, homiylik mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan quyidagi bog‘larni barpo etishni boshlaydi:
a) Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti va unga tutash bo‘lgan 250 gektarda dendrologiya bog‘i (Yoqilti-energetika va kimyo sanoati sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda “O‘zbekiston-Koreya kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi"ni tashkil qilishga mo‘ljallangan yer maydoni bundan mustasno);
b) Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) qarshisidagi Toshkent va Qibray tumanlaridagi 83 gektarda dendrologiya bog‘i.
2026-yil yakuniga qadar Chilonzor tumani Lutfiy mahallasi Bog‘iston ko‘chasida joylashgan Toshkent shahri onkologiya shifoxonasi o‘rnidagi 4,36 gektarda yashil jamoat parki tashkil etiladi.
Toshkent shahar hokimligi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent shahrida 4 ta sun’iy ko‘l va (yoki) suv havzalari tashkil etiladi.
O‘zA