2024 yilgi Byudjetnoma takomillashtirilmoqda
Davlat byudjeti mablag‘larining to‘g‘ri yo‘naltirilishi soha va tarmoqlar rivojida g‘oyatda muhim o‘rin tutadi. Shu bois Byudjetnoma loyihasini tayyorlash davomida uning har tomonlama puxta va hayotiyligini ta’minlashga e’tibor qaratish zarur.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoni muhokama qilindi. Jumladan, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy byudjetlar va Davlat maqsadli jamg‘armalariga oid loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbaalariga oid ma’lumotlar chuqur tahlil qilindi.
— Iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan tarkibiy islohotlar, tarmoqlar, sohalar, kichik biznes va hududlarni rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi, o‘zaro muvofiqlashgan pul-kredit va fiskal siyosatning olib borilishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga tashqi xatarlarning salbiy oqibatlarini yumshatish imkonini bermoqda, — dedi qo‘mita raisi Sh.Nazarov. — Qonun loyihasining tegishli moddalarida aks ettirilgan normalar Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan uyg‘un. Loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish iqtisodiyotimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyiha muhokamalarida deputatlar byudjet daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratdilar. Yashirin iqtisodiy faoliyatni mumkin qadar qisqartirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, tadbirkorlik faoliyati uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali soliq bazasini kengaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, vazirlik va idoralarga ajratilishi ko‘zda tutilgan byudjet mablag‘lari, ushbu byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, ularning natijadorligini ta’minlashga qaratilgan taklif-tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.
Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalar bo‘yicha deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ko‘pchiligi e’tiborga olingani e’tirof etildi.
Yakunda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA