2024 yilda O‘zbekiston xotin-qizlari uchun qanday imkoniyat va imtiyozlar taqdim etiladi?
Joriy yil 21 dekabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
Mazkur farmonga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining bo‘ysunuvi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi. Qo‘mita faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasida bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi joriy etildi.
Bugungi kunda xotin-qizlarning rahbar lavozimlardagi ulushi 35 foizga yetdi. 2022-2023 yillarda 398 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 100 ming nafari imtiyozli asosda oliygohlarga qabul qilindi, 170 ming nafariga tahsil olayotgan oliygohlarining shartnoma to‘lovlari uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratildi, 14 ming nafari magistraturada bepul o‘qitilmoqda, 198 ming nafari kasbga o‘qitildi. Ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 225 mingdan ziyod loyihalarga 4,4 trillion so‘mga yaqin kredit, 40 mingga yaqin xotin-qizlarga jami 179,1 milliard so‘m subsidiya ajratildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil 1 fevraldan kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida ta’lim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda, kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi. Mazkur kurslar bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida moliyalashtiriladi.
Bunda ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi xotin-qiz uchun sarflangan o‘qitish xarajatlarining 70 foizi, biroq BHM ning 5 barobaridan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
2024 yil 1 martgacha “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq tanlovlarda ishtirokchilarni baholash imkonini beruvchi elektron dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi hamda 2025 yildan har yili ushbu tanlov o‘tkaziladi.
Ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng, bino va inshootning dastlabki 3 oylik ijara to‘lovi 2024 yil 1 yanvardan BHM ning 10 baravarigacha miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan xotin-qizlarning haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga 11 oylik muddatga ruxsat etiladi.
Tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritiladi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantiriladi.
2024 yilning 1 fevralidan tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand va Namangan shaharlari tumanlararo sudlarining 2 nafardan sudyasini oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan holda, ushbu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA