2024 yil O‘zbekiston davlat filarmoniyasi uchun qanday kechdi?
Nihoyasiga yetgan yil O‘zbekiston davlat filarmoniyasi uchun qanday kechdi?
Mazkur ijodiy tuzilma bosh direktori Anvar Tojiboyev bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:
– Ma’lumki, yakuniga yetgan 2024 yil yurtimizda davlatimiz taraqqiyoti va insonlar farovonligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar, dolzarb chora-tadbirlar hamda ulkan rejalar amalga oshirildi. Barcha sohalar qatori madaniyat va san’at yo‘nalishida ham sohani huquqiy jihatdan takomillashtirish hamda ijodiy loyihalarni hayotga tatbiq qilish borasida juda ko‘plab sa’y-harakatlar va samarali ishlar qilindi.
Quvonarlisi, 2024 yil 22 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy va jahon mumtoz musiqa san’atidan aholini yanada kengroq bahramand etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror mamlakatimizda milliy va jahon mumtoz musiqa san’ati asarlarini yanada ommalashtirish hamda orkestr ijrochiligini rivojlantirish, soha vakillarining kasb mahoratini oshirish, ushbu yo‘nalishda iqtidorli yoshlar uchun zarur sharoitlar va imkoniyatlar yaratish, musiqa ijrochilari va orkestr jamoalari xodimlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirishdek maqsadlarga qaratilgani bilan san’at ahliga xursandchilik baxsh etdi.
Sarhisob qiladigan bo‘lsak, 2024 yil O‘zbekiston davlat filarmoniyasi jamoasi uchun anchagina samarali kechganini ko‘rishimiz mumkin.
Madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish hamda aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarning eng chekka hududlarida Filarmoniya ijodiy jamoalari tomonidan 84 ta gastrol dasturlari, 25 ta “Madaniyat karvoni” konsertlari tashkil etildi va ular orqali 260 ming nafarga yaqin tomoshabin mazkur dasturlarga qamrab olindi.
Yil davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi badiiy jamoalar hamda hududiy bo‘linmalar tomonidan 62 ta oliy ta’lim, 1 ming 273 ta xalq ta’limi maskanida o‘quvchi va talabalarning musiqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga bo‘lgan muhabbatni shakllantirish maqsadida musiqiy savodxonlikni oshirishga oid jami 1 ming 335 ta lektoriy konsert o‘tkazildi va mahoratli ustozlar tomonidan yosh avlodga milliy musiqamiz sir-asrorlari o‘rgatib borildi.
2024 yilning iyul oyidan boshlab, Toshkent shahrining barcha tumanlarida aholi va yoshlar ongiga yuksak vatanparvarlik, milliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlarni yanada ko‘proq singdirish, ajdodlar siymosi va zakovatiga nisbatan hurmat muhitini shakllantirish, shuningdek, milliy kuy-qo‘shiqlar orqali ularga madaniy hordiq ulashish maqsadida jami 45 ta “Milliy Party” gala-konsertlari tashkil etildi va ular tomoshabinlar tomonidan juda yuqori kayfiyat bilan qarshi olindi.
Haqiqiy musiqa ixlosmandlarini xursand qilish maqsadida esa Toshkent shahrining o‘zida Filarmoniya ijodiy jamoalarining 60 ta yuksak saviyadagi va turli janrdagi konsert dasturlari taqdim etildi.
Shu o‘rinda keltirish mumkinki, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatida uning xorijiy davlatlar bilan amalga oshirayotgan xalqaro aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tatariston Respublikasida bo‘lib o‘tgan “Sharq bozori” turkiy va sharqiy xalqlar xalqaro festivali doirasida Tatariston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanovning delegatsiyamiz vakillari bilan uchrashgani va unda madaniyat sohasida hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ham yurtimiz imijini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish borasidagi amaliy sa’y-harakatlardan biri bo‘ldi.O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tomonidan an’anaviy “Navro‘z sadolari” milliy cholg‘ular ko‘p ovozli ansambl va orkestrlari X xalqaro festivali tashkil etilgani ham san’at olamida o‘ziga xos voqea sifatida e’tirof etildi.
E’tiborlisi, bugun Filarmoniya ijodiy jamoalari ham jahonning ko‘plab davlatlarida tashkil etilayotgan nufuzli san’at tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda. Misol uchun, 2024 yilning 7-12 iyul kunlari Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan dunyoning 20 dan ortiq davlatlari san’at vakillari ishtirok etgan “Oltin qorako‘z” 36-xalqaro folklor raqs festivalida “Navbahor” raqs ansambli hamda “Bek” milliy doirachilar ansambli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ma’lumot o‘rnida keltirish mumkinki, “Oltin qorako‘z” raqs festivalining 62 yillik tarixida o‘zbek san’atkorlari ilk bor 1-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, 7-12 iyul kunlari Qirg‘izistonning O‘sh shahrida o‘tkazilgan “Raqs sanati – 2024” II Xalqaro do‘stlik festivalida ham O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyati bo‘linmasi ijodiy jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi, festival doirasida tashkil etilgan “Jahon ohanglari – 2024” tanlovida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasining “Orol yigitlari” ijodiy jamoasi mutlaq g‘alaba qozonib, Gran-pri bilan taqdirlandi.
2024 yilning 11 iyul kuni “O‘zbekiston madaniyat va kino kunlari” doirasida Gruziya Respublikasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Navro‘z” ashula va raqs ansambli hamda mashhur “Erisioni” davlat akademik xalq ashula va raqs ansamblining qo‘shma konserti tashkil etilib, yakunda ikki ijodiy jamoa o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Sentyabr oyida Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri va “Rihter Trio” jamoasi san’atimiz tarixida ilk marotaba Londondagi Kolizey teatri sahnasida “Vaqt qumlari” nomli dasturini namoyish qildi. O‘zbekiston Madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Britaniya muzeyida tashkil etilgan “Ipak yo‘llari” madaniy dasturi doirasida o‘tkazilgan mazkur konsert xorijliklarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Oktyabr oyida esa Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan ABU Televizion Song Festivalida “BEK” milliy sozlar ansambli muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy oldi. Bu kabi natijalar albatta, o‘zbek milliy madaniyati va san’atini dunyo bo‘ylab keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi arafasida Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Xorazm viloyati bo‘linmasi raqqosasi Dilnoza Ortiqova, Milliy simfonik orkestri bosh dirijyori Alibek Kabdurahmonovlarning O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Navbahor” ashula va raqs ansambli balet bo‘yicha murabbiyi Mohiraxon Hamdamova, “Dutorchilar” ansambli sozandasi O‘g‘iloy Qosimova hamda “Navro‘z” ashula va raqs ansambli xonandasi Feruza Ochilovalarning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani biz uchun unutilmas voqea bo‘ldi.
Shuningdek, K.Moldobasanov nomidagi Qirg‘iziston milliy konservatoriyasining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar doirasida O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Milliy simfonik orkestri badiiy rahbari, professor Ismoil Jalilovga Qirg‘iziston davlat konservatoriyasi faxriy professori ilmiy unvoni topshirildi.
Sentyabr oyida poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining 88-konsertlar mavsumi ochilishi tantanali tarzda tashkil etildi. Dekabr oyining yakunida esa “Humo arena” muz saroyida 14 mingga yaqin muxlislar ishtirokida “Filarmoniya shou” konserti bilan 2024 yilgi konsertlarimizni katta muvaffaqiyat bilan yakunladik.
Aynan ushbu salmoqli natijalar bugun konsert-tomosha yo‘nalishida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining madaniyat sohasi lokomotiviga aylanganini ko‘rsatadi.
2025 yilda ham yurtimiz san’ati va madaniyatini yanada yorqinroq namoyon etadigan va xalqimizning boy qadriyatlari, urf-odatlari, an’analarini targ‘ib qiladigan ko‘plab loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.