18 oktabr – Samarqand shahri kuni
Samarqand so‘zining jaranglarida, ohanglarida bir sir bor, sehr, qudrat bor.
Samarqand so‘zining jaranglarida, ohanglarida bir sir bor, sehr, qudrat bor. Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand tarix zarvaraqlarida dunyo go‘zalliklarini o‘zida jo qilgan yurt.
Samarqand qadimdan yirik ilm-fan, madaniyat, ma’rifat markazi bo‘lib kelgan. Bu zamindan dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Musaffo tabiati, muqaddas qadamjolari va mehmondo‘st insonlari bilan dunyo nigohida bo‘lgan. Shuning uchun jahon ahli doimo unga intiladi, shaharga tashrif buyurish sharafiga muyassar bo‘lgan har bir inson bu ko‘hna zaminga bir umr maftun bo‘lib qoladi. Ayniqsa, “yer yuzining sayqali“ deb tan olingan, buyuk sohibqiron Amir Temur birlashtirgan davlat poytaxti bo‘lgan mashhur Samarqandning ko‘zgusi hisoblangan “Registon” maydoni ulug‘vorligi, maftunkorligi bilan har bir insonni lol qoldiradi.
Salkam 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan Samarqand shahri mustaqillik yillarida yanada obod va ko‘rkam bo‘ldi. Mustaqillik tufayli ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolarning asl shuhrati qayta tiklandi, obod maskanlarga aylantirildi. Uning qaysi bir go‘shasiga nazar solsangiz, ulkan yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlariga ko‘zingiz tushadi.
Samarqand “yer yuzining sayqali” deb yuritilishi bejiz emas. Samarqand xizr nazar solgan, duo ketgan yurt!
Ma’lumki, 1996 yildan boshlab 18 oktabr “Samarqand kuni“ sifatida keng nishonlanadi. Ushbu kunda shahar o‘zgacha shukuh taratadi.Shaharning har burchaklarida bayram kayfiyati kezib yuradi.
18 oktabr – Samarqand kuni munosabati bilan O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida “Kechagi Samarqandning bugungi manzarasi” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi. Mazkur fotoko‘rgazmada muzey-qo‘riqxona fondida saqlanayotgan Samarqandning o‘tmishi va buguni aks etgan foto lavhalar namoyish etilmoqda.
Muzey-qo‘riqxona fondida saqlanayotgan, ko‘hna Samarqandning muqaddas qadamjolari, ziyoratgohlari tasvirlangan qariyb bir asrlik bu fotoasarlar mana yana bir bor tilga kirmoqda.