17-iyun kuni osmonda noyob hodisa kuzatiladi
Iyun oyida bir qator qiziqarli astronomik hodisalarning guvohi bo‘lish mumkin. Ayniqsa, 17-iyun kuni kechqurun Oy va Venera sayyorasining yaqinlashuvi osmon kuzatuvchilari uchun o‘ziga xos tomosha taqdim etadi.
“O‘zbekkosmos” agentligi ma’lum qilishicha, 17-iyun kuni Oy Veneraga juda yaqin masofada ko‘rinadi. Dunyoning ayrim hududlarida esa Venera qisqa vaqtga Oy ortida qolib, ko‘rinmay qolishi ham kuzatilishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekistonda mazkur hodisani kuzatish uchun eng qulay vaqt Quyosh botganidan keyingi 30–60 daqiqa hisoblanadi. Bu vaqtda g‘arbiy ufq tomon qaralsa, Oy va Veneraning bir-biriga yaqin joylashganini ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Agar ob-havo ochiq bo‘lsa, osmondagi ushbu go‘zal manzarani oddiy ko‘z bilan ham kuzatish mumkin. Astronomik hodisalarga qiziquvchilar uchun bu kecha unutilmas taassurotlar taqdim etishi kutilmoqda.
N.Rahmonova,
O‘zA