140 kishiga ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanma berildi
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida band bo‘lmagan fuqarolar uchun viloyat Bandlik bosh boshqarmasi va mas’ul tashkilotlar hamkorligida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
– Viloyatda ayni kunda 9 ming 502 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud, – deydi viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suxrob Hamroyev. – bugungi mehnat yarmarkasida Buxoro va Kogon shaharlari hamda Buxoro va Kogon tumanlaridan 150 ta ish beruvchi korxona hamda tashkilot 500 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
– Monomarkazda bir yilda 2 ming 320 nafar (quvvati bir vaqtning o‘zida 560 o‘rinli) kambag‘al va ishsiz fuqarolarni qisqa muddatli o‘quv kurslarida kasbga o‘qitish mumkin, – deydi markaz direktori Sadoqat Siddiqova. – Markaz binosini ta’mirlash va jihozlashda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 14 milliard 300 million so‘m va Jahon bankining 206 ming dollardan ortiq mablag‘i sarflandi. Natijada tikuvchi, erkaklar va ayollar sartaroshi, payvandlovchi, kosmetolog, umumqurilish ishlari, eletromontyor, santexnik, oshpaz qandolotchi, kran operatori, issiqxona mutaxassisi kabi yo‘nalishlarning o‘quv amaliyot xonalari WORLD SKILLS talablari asosida jihozlandi.
Mutaxassislar jahon bozorining bo‘sh ish o‘rni ehtiyojlari darajasida tayyorlanadi. Monomarkazda 8 ta xizmat turi bo‘yicha jami 26 turdagi kasbga o‘qitish, 4 ta xorijiy (rus, ingliz, koreys, yapon) tillari ham o‘rgatiladi. Shuningdek, markazda Tadbirkorlik asoslari va migratsiya ko‘niktirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– bugungi mehnat yarmarkasiga bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha taklif etgandik, – deydi Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov. – Maqsadimiz monomarkazga kasbga o‘rgatish kurslariga talabalarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun hunar o‘rganishlarini tashkil etish, shuningdek, universitetdagi malakali mutaxassislarni qisqa muddatli kurslardagi tinglovchilarni o‘qitishda ishtirokini ta’minlashdan iborat.
– Joriy yilda Buxoro davlat universitetining Maktabgacha ta’lim fakultetini tugatdim, – deydi Buxoro tumani Shergiron MFY Raboti Bolo qishlog‘ida yashovchi Anora Axrorova. – bugungi Mehnat yarmarkasida mutaxassisligim bo‘yicha ish topdim. Tumandagi 11-maktabgacha ta’lim tashkilotiga tarbiyachi bo‘lib ishga qabul qilindim. Bundan juda ham xursandman.
– Uyda ishsiz edim, – deydi Buxoro tumanidagi Shergiron MFY Taxmach qishlog‘ida yashovchi Gulmira Hamroyeva. – Maktabni bitirib turmushga chiqqanman. Oilada farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanib biron bir kasbni o‘rganmaganman. bugungi yarmarkaga kelib ish qidirdim. Ma’lumotim yo‘qligi uchun ish topa olmadim. Lekin monomarkazda kichik hamshira kursiga o‘qimoqchiman. Bu kasbni o‘rganib oilamga yordam beraman. Markazning sharoitlari bilan tanishib chiqdim. Barcha sharoitlar zamon talablari asosida tashkil etilgan.
Mehnat yarmarkasida yetarli malakaga ega bo‘lmagan 168 nafar fuqarolar o‘zining xohish va istagidan kelib chiqqan holda o‘qish jarayoniga jalb qilindi.
Viloyat Bandlik bosh boshqarmasidan olingan xabarga ko‘ra, mehnat yarmarkasiga 300 ga yaqin fuqarolar ish so‘rab murojaat qilgan. 140 nafar fuqarolarga ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanma berilgan.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA