14 iyun – Butunjahon donorlar kuni
Donor bo‘ling va hayotni saqlab qoling!
Ma’lumki, inson organizmida 4,5-5 litr qon bo‘ladi. Ilmiy izlanishlar va kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, 500 millilitrgacha qon topshirish organizm uchun xavfsiz hisoblanadi. Har bir donorlik amaliyotida o‘rtacha 350-400 millilitr qon olinadi. Donorlik nafaqat qon oluvchi, balki qon beruvchining salomatligi uchun ham foydalidir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, donorlar boshqalarga qaraganda 5 yildan ko‘p umr kechiradi. Har qanday qon topshirish organizm uchun yengil stress hisoblanadi. Bunday yengil stresslar tashqi muhitning salbiy omillariga ta’sirchanlikni oshiradi. Doimiy ravishda qon va uning komponentlarini topshirish hujayralarning tabiiy yangilanishiga va organizm yosharishiga olib keladi.
2002 yil 30 avgustdagi “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, qon va uning tarkibiy qismlarini tibbiy ehtiyojlari uchun topshirish donor tomonidan ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
Shunday fidokorlikni amalga oshirayotgan, o‘z ixtiyori bilan donorlik qilish orqali o‘zgalarga ko‘mak berayotgan ko‘plab yurtdoshlarimizni qahramon desak, aslo yanglish bo‘lmaydi.
[gallery-7560]
14 iyun – Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyat qon quyish markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda yillar davomida o‘z salomatligini asrab, donorlik qilish orqali o‘zgalarga ko‘mak berib kelayotgan qahramonlar e’tirof etildi. Mazkur sana joriy yilda “Donor bo‘ling va hayotni saqlab qoling!” shiori ostida o‘tkazildi.
Shuningdek, qon quyish markazi bilan hamkorlikda donorlik tadbirlarida faol ishtirok etib kelgan harbiy qismlar, huquq-tartibot organlari hamda ko‘plab tashkilotlarga viloyat hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ular qatorida “Adolat” sotsial demokratik partiya viloyat Kengashi ham munosib o‘rin oldi. Shu kunning o‘zida tadbir ishtirokchilarining ko‘pi savobli ishga qo‘l urib, donorga aylandi.
Tadbir davomida yosh iste’dod egalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Jajji qizaloqlarning raqslari olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Muqimjon QODIROV, O‘zA