133 kishini aldagan nazoratchi qoʻlga tushdi
133 fuqarodan olingan naqd pullarni bank muassasasiga topshiraman deb, ularning ishonchiga kirgan.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmati koʻrsatuvchi korxona nazoratchisi U.X. Sanoatchilik va Nuriston mahallarida yashaydigan fuqarolardan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlanishi lozim boʻlgan majburiy toʻlovlarni undirib kelgan.
133 fuqarodan olingan naqd pullarni bank muassasasiga topshiraman deb, ularning ishonchiga kirgan. Xonadonlarning abonent daftarchalariga qarzdorlik toʻlanganligi va qarzdorligi yoʻqligi haqidagi yozuvlarni kiritib, jimjimador imzo ham chekkan. Shu yoʻl bilan u koʻrsatilgan xizmatlar uchun yigʻilgan 24 million 833 ming soʻm naqd pulni tegishli tartibda kirim qilmasdan oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Denov tuman boʻlimi tomonidan U.X.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-modda 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tuman prokuraturasiga yuborildi.