13 nafar bola Germaniyada davolanadigan bo‘ldi
Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning xalqaro “Friedensdorf International” xayriya tashkiloti hamkorligida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Jizzax, Navoiy viloyatlarida yashovchi, kuyishdan keyingi asoratlari mavjud, shuningdek, tayanch harakatida jiddiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar germaniyalik va mahalliy shifokorlar ko‘rigidan o‘tdi.
– Germaniyaning ushbu xayriya tashkiloti bilan 20 yildan ortiq vaqtdan buyon hamkorlik qilamiz, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Samarqand viloyati hududiy filiali rahbari Rahima Rahmonova. – O‘tgan davr mobaynida ular yurtimizning turli hududlarida yashovchi, asosan kuyishdan keyingi yoki tayanch harakatida jiddiy nuqsonlari mavjud 450 nafarga yaqin bolani Geraniyaga olib borib, murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajardilar, zarur muolajalar amalga oshirildi.
[gallery-17627]
Bugun ham yuz nafarga yaqin bolani tekshiruvdan o‘tkazib, operatsiyaga juda muhtoj bo‘lgan 13 nafar bola tanlab olindi.
Samarqandlik 16 yoshli Chinora Jo‘raqulova Daun sindromi bilan tug‘ilgan. Onasining aytishicha, bundan bir yil avvalgi baxtsiz hodisa oqibatida bola 25 foiz kuyish jarohatini olgan. Shifokorlar tekshiruvi davomida u operatsiyaga muhtoj emasligi aytilib, zarur dori-darmonlar tavsiya etildi. Jizzaxlik 5 yoshli Fayozjon Akramovga esa Germaniyada davolanishi kerakligi haqda xulosa berildi.
– Uch yil oldin baxtsiz hodisa natijasida o‘g‘lim 80 foiz kuyish jarohatini olgandi, – deydi uning onasi, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidan kelgan Nilufar Hakimova. – Toshkentda operatsiya qildirdik, barmoqlarining orasi ochildi, ammo asoratlari hali ko‘p. Yuz sohasi, tanasidagi ba’zi a’zolari normal holatga qaytishi uchun ko‘p muolaja kerak ekan. Bugun shifokorlar o‘g‘limni Germaniyada davolash uchun ro‘yxatga olishdi.
Ko‘rik davomida “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti tomonidan qandli diabetga chalingan 190 nafar bolaga glyukometr apparati berildi. Shuningdek, yuragida nuqsoni bo‘lgan 35 nafar bolaning jarrohlik amaliyoti uchun ham zarur miqdordagi mablag‘ tashkilot tomonidan ajratilishi aytildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari