11 oktyabr — “Xalqaro qizlar kuni”
Millat davomchilari bo‘lmish qizlarni ma’rifatli, ma’naviyatli, oqila va dono qilib tarbiyalash, ilmu ziyoli qilib voyaga yetkazish muhim masala. Zero, bugun ta’lim-tarbiya olayotgan qizlar millatning ertasini belgilashda asosiy hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Shu bois ham millatimiz azaldan qizlar tarbiyasiga, ularning odob-axloqiga, xulqiga, o‘zini tutishi, yurish-turishiga alohida e’tibor qaratib keladi. bugungi kunda ayollar va qizlarni har jihatdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, siyosiy, huquqiy, tibbiy va ijtimoy yo‘nalishdagi huquqlarini yuzaga chiqarish, jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, xotin-qizlarimizga turli imtiyozlar taqdim etilmoqda, qulayliklar yaratilmoqda.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qizlarni har tomonlama yetuk, yuksak axloqli, bilimli va milliy qadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq farzandlar qilib tarbiyalash vazifasi belgilab berilgan.

Shuningdek, shu yil 18 iyul kuni “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta’lim kreditlari ajratiladigan bo‘ldi.
Xususan, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda ta’lim kreditlarini davlat byudjetidan ajratishning yangi tizimi joriy etildi. Xotin-qizlar asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘laydi. Bu kabi imtiyoz va yengilliklar yurtimiz xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlashga, ularning millatimiz ravnaqidagi o‘rni va ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan 11 oktyabr — “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan. Bu sana har yili jahon bo‘ylab turli davlatlarda qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish maqsadida nishonlab kelinadi.
BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek, butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish tavsiya etiladi.
Ushbu sana munosabati bilan mamlakatimizdagi turli tashkilot va muassasalarda, ta’lim maskanlarida tadbirlar, uchrashuv va kechalar tashkil etilmoqda. Jumladan, Yunusobod tumanidagi 12-umumta’lim maktabida o‘tgan tadbir ham “Xalqaro qizlar kuni”ga bag‘ishlandi.
Unda ustozlar qizlarga odob-axloq qoidalariga amal qilish, shuningdek, yoshlikdan puxta bilim olish, o‘z haq-huquqlarini tanish hamda yurtimizda qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish haqida tushunchalar berdilar. O‘z navbatida, o‘quvchi qizlar ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdilar hamda Vatan, ona, tarbiya haqidagi she’rlarni o‘qib berdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA