101 yoshli otaxonga Prezident tabrigi yetkazildi
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat hokimi Botir Zaripov hamrohligidagi jamoatchilik vakillari ichki ishlar organlari faxriysi Ahmad Muhsinov xonadonida bo‘ldi.
Ko‘ksini orden-medallar bezab turgan Ahmad Muhsinov navqiron 19 yoshida Buxoro shahridan harbiy xizmatga, aniqrog‘i, frontga yo‘l olgan edi. Urushdan so‘ng uning qariyb 20-yillik faoliyati ichki ishlar tizimida kechdi. U yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida turli lavozimlarda ishladi.
[gallery-17354]
–1947-yilgacha qirg‘inbarot janggohda, so‘ng Yevropaning turli davlatlarida armiya safida bo‘ldim, –deydi urush faxriysi Ahmad Muhsinov. –Xudoga shukr, jonajon Vatanimga sog‘-omon qaytish nasib etdi. Urushdan keyingi yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) ning tarix fakultetida tahsil oldim. Bir muddat o‘rta maktabda pedagog sifatida yoshlarga saboq berdim.
Mutasaddilar urush faxriysi, 101 yoshni qarshilagan otaxonni bayram bilan tabrikladi. Samimiy tilaklar bildirishdi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga davlatimiz rahbarining tabrigi va pul mukofotlari yetkazildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari