10 ming quti noqonuniy tamaki savdosi fosh etildi: 41,2 million so‘mlik jinoiy jarima to‘liq undirildi
Xalqimizda «Noqonuniy ish keltirar tashvish» degan naql bejiz aytilmagan. Qonun talablarini chetlab o‘tib, oson daromad topishga urinish oxir-oqibat javobgarlikka olib keladi.
Fuqaro B.O. noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanish maqsadida xorijda ishlab chiqarilgan, aksiz markasi mavjud bo‘lmagan 10 000 quti tamaki mahsulotini muomalaga chiqarishga uringan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida mazkur qonunbuzarlik o‘z vaqtida aniqlanib, noqonuniy mahsulotlarning muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi.
Jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, sud hukmiga muvofiq:
aksiz markasi mavjud bo‘lmagan tamaki mahsulotlari yo‘q qilinishi;
fuqaro B.O.ga 41 million 200 ming so‘m miqdorida jinoiy jarima tayinlanishi belgilandi.

Sudning ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi Yangi Namangan tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, davlat ijrochilari tomonidan belgilangan tartibda ijro harakatlari olib borildi. Natijada jinoiy jarima mablag‘i to‘liq undirilib, ijro hujjatlarining ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Qonunga xilof ravishda aksiz markasi mavjud bo‘lmagan tamaki mahsulotlarini saqlash, tashish yoki sotish nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlarga, balki jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘ladi. Shu bois har bir fuqaro qonun talablariga amal qilishi, tadbirkorlik faoliyatini faqat qonuniy asoslarda yuritishi muhimdir.
Hamroz Bayonov
O‘zA