1 dekabr – OITSga qarshi kurashish kuni
Birgalikda kurashsak natija ko‘rinadi
O‘tgan asrning 80 yillarida qayd etilgan OIV/OITS (odamning immunitet tanqisligi virusi/orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) bugun dunyo miqyosida tarqalgan xastalikka aylandi.
Bu kasallikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda ham xalqaro va milliy dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Samarqand viloyatida ham bugungi kunda ushbu xastalikning oldini olish, infeksiya yuqtirgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun OITSga qarshi kurashish markazi, 6 ta tumanlararo OITS tashxis laboratoriyalari, tuman va shahar markaziy poliklinikalarida “Ishonch xonalari” faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Birinchi navbatda asosiy e’tiborni aholi o‘rtasida profilaktika tadbirlarini kuchaytirish va virus tarqalishining oldini olishga qaratganmiz, – deydi Samarqand viloyati OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Zokir Umrzoqov. – Sababi aksariyat hollarda bu kasallik e’tiborsizlik, sog‘lom turmush tarziga rioya etmaslik va boshqa salbiy odatlar natijasida yuqadi. Shuning uchun aholining bundan ogohligi muhim hisoblanadi. Kasallikka chalingan va infeksiya yuqtirgan bemorlarni esa belgilangan xalqaro standartlar asosida tizimli davolash talab etiladi. Bu borada ham markazimizda zarur shart-sharoit yaratilgan. Yaqinda markazimizda shifokor, autrich va psixologdan iborat mobil ko‘p tarmoqli brigada tashkil etilib, bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Shahar va tuman tibbiyot birlashmalaridan olib kelinayotgan qon namunalari tarkibini sifatli tahlil qilish uchun markaz laboratoriyalarida zarur shart-sharoit yaratilgan, so‘nggi rusumdagi laboratoriya jihozlari keltirilgan. Bu yerda OIV infeksiyasiga immunoferment usulida tekshirishdan tashqari tahlillarning to‘g‘riligini tasdiqlovchi immunoblot usuli ham amaliyotga joriy etilgan. Bundan tashqari markazga polimeraza zanjir reaksiyasi tahlillarini o‘tkazish uchun viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan Germaniyada ishlab chiqarilgan ikkita “DNK-96 texnologiya apparati, laminar shkaflar olib berildi. Global fond tomonidan esa SD-4 hujayralarini aniqlaydigan sitoflyurometr asbobi taqdim etildi.
Tahlillar jarayonida yuqori sezuvchanlikka ega test tizimidan foydalanilmoqda. bugungi kunda markaz bazasida Samarqand davlat tibbiyot universitetining epidemiologiya kafedrasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, ilmiy ishlar va bemorlarni davolash samaradorligini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga xizmat qilmoqda. Shu kunlarda markaz va kafedra xodimlari OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan ta’lim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda aholi o‘rtasida OIV/OITS xastaliklaridan saqlanish borasida profilaktika tadbirlarini o‘tkazmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA