1-chorak yakunlari muhokama etildi
“Navoiyuran” davlat korxonasida joriy yilning 1-choragida uran ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning dastlabki choragida 3,7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 5,5 million pogonametr geologiya-qidiruv, qariyb 1,5 million pogonametr texnologik burg‘ilash ishlari amalga oshirildi, 100 million kub metrdan ortiq mahsuldor eritma olindi.

– Eksport hajmi ko‘rsatkichlari 108,8 foizga bajarildi, – deydi korxona bosh direktori Djamal Fayzullayev. – Investitsiya dasturi loyihalarini amalga oshirish doirasida esa korxonada 35,5 million dollar kapital qo‘yilma o‘zlashtirildi. Mahalliylashtirish dasturidagi 15 ta loyiha doirasida 41 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliy korxonalardan 449 milliard so‘mlik mahsulot xarid qilindi. Importni qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlari qariyb 15 million dollarni, byudjetga to‘lovlar va soliqlar qiymati esa 1,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Hisobot davrida jami tannarxni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning bajarilishi natijasida qariyb 145 milliard so‘m iqtisod qilindi.

Yig‘ilishda korxonaning hisobot davridagi faoliyati aniq ko‘rsatkichlar asosida tahlil qilinib, erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagan jihatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Hisobot davrida uran ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, yangi konlarni aniqlash va zaxiralarni oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi.

Muhokamalar davomida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish jarayonlarining har bir bosqichida faoliyat samaradorligini onlayn rejimda nazorat qilish va tahlil etish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, qazib olish jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida ishlab chiqarish hajmini oshirish, texnologik quduqlar sifatini yaxshilash, geotexnologik konlar faoliyatini takomillashtirish, burg‘ilash va geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri