Zulfiya – sadoqat saroyining mangu timsoli
O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavallud topgan sana munosabati bilan Qashqadaryo viloyatining ta’lim muassasalarida, ma’naviyat va ma’rifat maskanlarida ham turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Qarshi Davlat universitetida oliygohning xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan “Zulfiya - sadoqat timsoli” mavzuida o‘tkazilgan adabiy-badiiy kechada jamoat arbobi, sadoqat va vafo kuychisi Zulfiyaxonim xotirasi yod etildi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari tomonidan ijod ahliga qaratilayotgan e’tibor, Zulfiyaxonimning o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni, insoniy fazilatlari, kechinmalari va ijodi xususida ma’ruzalar tinglandi.
Zulfiyaxonim munis va mehnatkash, hayotning har qanday suron va to‘fonlari qarshisida o‘zini yo‘qotmay, sabr-toqat va shukronalik bilan yashagan o‘zbek ayoli, o‘zbek shoirasining timsoli ekanligi tadbirda bot-bot takrorlandi.
Adabiy-badiiy kechada san’atshunoslik, filologiya va pedagogika fakulteti talabalari tomonidan musiqali kompozitsion chiqishlar namoyish etilib, shoiraning eng sara she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA