Zargarlik buyumlari uchun raqamli pasport joriy etilishi mumkin
O‘zbekistonda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan zargarlik buyumlari aylanmasini yanada shaffoflashtirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qarorining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihasiga muvofiq, mamlakatda zargarlik buyumlarini bosqichma-bosqich majburiy raqamli markirovkalash taklif etilmoqda.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, yangi tizimning asosiy maqsadi zargarlik buyumlarining ishlab chiqarilishidan tortib, iste’molchiga yetgunga qadar bo‘lgan harakatini to‘liq raqamli kuzatib borish, hisob va nazoratni kuchaytirish, noqonuniy savdo hamda qalbaki mahsulotlar aylanmasini cheklashdan iborat.
Mutaxassislarning fikricha, raqamli markirovkalash tizimi nafaqat bozorda shaffoflikni ta’minlaydi, balki halol tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Loyihaga muvofiq, dastlab tajriba-sinov bosqichi 2027-yil 30-dekabrga qadar amalga oshiriladi. Shu davrda tizimning texnik va tashkiliy jihatlari sinovdan o‘tkaziladi.
Shundan so‘ng, 2028-yil 1-iyulga qadar majburiy markirovkalash tartibini belgilaydigan alohida normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi rejalashtirilgan. 2029-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun raqamli markirovkalash majburiy bo‘lishi taklif etilmoqda. 2029-yil 1-apreldan mazkur talab chakana savdo sub’ektlariga ham tatbiq etiladi.
Loyihada raqamli markirovkalash operatori sifatida «Asl belgisi» milliy axborot tizimi belgilangan. Uning operatori — «CRPT TURON» MCHJ hisoblanadi.
Markirovkalangan har bir zargarlik buyumi yoki uning birkasiga GS1 DataMatrix formatidagi ikki o‘lchamli maxsus shtrix-kod joylashtiriladi. Ushbu kod orqali mahsulotning ishlab chiqarilgan vaqti, ishlab chiqaruvchisi, import qilinishi, sotuvga chiqarilishi va boshqa ma’lumotlar yagona axborot tizimida qayd etiladi.
Iste’molchilar esa «Asl belgisi» hamda «Soliq» mobil ilovalari orqali mahsulotning haqiqiyligini tekshirish, uning kelib chiqishi haqida ma’lumot olish hamda shubhali holatlar yuzasidan murojaat yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tajriba-sinov bosqichida «Gold Moon Tashkent», «Sofizar», «Merrit Jewellery» va «Termez Gold Production» korxonalari ishtirok etadi. Ularga markirovka kodlari bepul taqdim etiladi. Biroq markirovkalash uchun zarur bo‘lgan uskunalar va dasturiy ta’minotni o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilishlari belgilangan. Shuningdek, tajriba davrida markirovkalash talablarini buzgan ishtirokchilarga huquqiy ta’sir choralari qo‘llanmasligi taklif etilgan.
Ma’lumki, O‘zbekistonda mahsulotlarni raqamli markirovkalash tizimi 2019-yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Ilk bosqichda tamaki va alkogol mahsulotlari, keyinchalik dori vositalari, maishiy texnika va boshqa tovarlar ushbu tizimga kiritildi.
Qayd etilishicha, zargarlik buyumlarining ham raqamli markirovkalanishi sohada shaffoflikni oshirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq tushumlarini ko‘paytirish hamda iste’molchilarni qalbaki mahsulotlardan himoya qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mazkur tashabbus zargarlik bozorida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, mahsulotlarning kelib chiqishini to‘liq kuzatish va sohada zamonaviy nazorat mexanizmlarini joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Ayni paytda qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, muhokama 21-iyulga qadar davom etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA