Zanjirsaroy yodgorligi: arxeologik qazishmalar, saroy devori qoldiqlari bo‘y ko‘rsatmoqda
Qashqadaryo vohasida asrlar davomida tuproq ostida jim yotgan tarix yana tilga kirmoqda. Muborak tumanidagi Zanjirsaroy arxeologik yodgorligida qariyb 30 yillik tanaffusdan so‘ng qayta boshlangan qazishma ishlari davomida saroyning devorlari, kirish koridori va markaziy qismiga oid muhim me’moriy qoldiqlar aniqlandi.
Ko‘hnashahar mahallasidan 2 kilometr g‘arbda joylashgan Zanjirsaroy – har tomoni 400 metrdan iborat, qariyb 16 gektar maydonni egallagan ulkan qal’a. To‘rt tomonida darvozalari bo‘lgan qo‘rg‘on markazida esa bir vaqtlar Chig‘atoy ulusining muhim siyosiy markazlaridan biri bo‘lgan saroy qad rostlagan.
– Zanjirsaroy XIII asrning 30-yillarida Chig‘atoy ulusining oxirgi xonlaridan biri Qozonxon sulton tomonidan qurdirilgan. 1370-yildan keyin Amir Temur qo‘l ostiga o‘tib, temuriylarning muhim qarorgohlaridan biriga aylangan, – deydi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarixchi olim, professor, ekspeditsiya rahbari Abdusabur Raimqulov.
Mutaxassislarning aytishicha, 1993-1995-yillarda yodgorlikda dastlabki qazishma ishlari olib borilib, saroyning muayyan qismi ochilgan. Biroq mablag‘ yetishmasligi tufayli tadqiqotlar to‘xtab qolgan. Oradan o‘ttiz yildan ziyod vaqt o‘tib, Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan arxeologik ishlar yana tiklandi.
Bu galgi tadqiqotlar natijasi esa ancha qiziqarli.
– Dastlab 16 metrlik transheya ochdik. U saroyning koridor qismiga to‘g‘ri kelib qolgani uchun devor aniqlanmadi. Keyin maydonni kengaytirganimizda saroy devorining bosh qismi ochildi. G‘arbiy qismdan markazga olib boruvchi koridor, ravoqsimon tokchalar, shimoliy va janubiy xonalarga olib o‘tuvchi eshiklar hamda markaziy gumbazning tagkursisi aniqlandi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Dilmurod Omonov.
Qazishmalar jarayonida aniqlangan devorlar pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Mutaxassislar g‘ishtlarning mustahkamligi va ularni biriktirishda ishlatilgan qorishmaning tarkibi ham o‘sha davr me’morlarining yuqori mahoratidan dalolat berishini ta’kidlamoqda.
– Koridorga kirish qismida bir metrdan 1,2 metrgacha saqlangan pishiq g‘isht devorlar bor. G‘ishtlar 24 santimetr kvadrat o‘lchamda, qalinligi 5 santimetr. Ularni biriktirishda daryo qumi, ohak va maxsus qotishmalar asosida tayyorlangan qorishmadan foydalanilgan, – deydi institut ilmiy xodimi Nurmuhammad Jo‘rayev.
Tarixiy manbalarda Zanjirsaroy Qozonxon davrida muhim siyosiy-strategik markaz bo‘lgani, keyinchalik Amir Temur yurishlari oldidan qo‘shinlar to‘planadigan qarorgoh vazifasini bajargani haqida ma’lumotlar uchraydi. 1387-yilda To‘xtamishxonning Movarounnahrga yurishi chog‘ida saroy vayron qilingan va shundan keyin qayta tiklanmagan.
Endi esa arxeologlar uning hali yer ostida qolgan qismlarini ochishga harakat qilmoqda.
Qizig‘i, zamonaviy texnologiyalar ham bu jarayonga jalb etilmoqda. Yodgorlikda georadar tadqiqotlari o‘tkazildi, keyinchalik dronlar yordamida uning umumiy maketi va raqamli 3D modeli yaratilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qazishma ishlari kelgusi yillarda ham davom ettirilib, saroyning qolgan qismi to‘liq ochilsa, bu yerda ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shunday qilib, bir paytlar siyosiy qarorlar qabul qilingan, hukmdorlar va qo‘shinlar to‘plangan Zanjirsaroy bugun yana tarixchilar e’tiborida. Faqat bu safar saroyga hukmdorlar emas, arxeologlar kirib bormoqda – tuproq qatlamlari orasidan asrlar oldingi hayot izlarini izlab.
[gallery-31617]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari