Zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi
Bugungi kunda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, bolalarni sifatli ta’lim bilan ta’minlash va ularni barkamol avlod etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yangi bog‘chalar qurilishi esa bu maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatining Nurota tumanida joylashgan Soykechar qishlog‘ida zamonaviy 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.


Mazkur bog‘chaning ochilish marosimida tuman hokimi Azamat Fayziyev, nuroniylar va mahalla ahli ishtirok etdi.


Istiqlol mahallasida faoliyatini boshlagan muassasa 90 nafar bolaga mo‘ljallangan bo‘lib, unda barcha zarur sharoitlar – o‘yin va ta’lim xonalari, zamonaviy jihozlar hamda bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun imkoniyatlar yaratilgan.
Loyiha Xalq banki homiyligida amalga oshirilib, “Ashraf” xususiy korxonasi tomonidan 5,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri