"Zakovat" g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlandi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, yurtimiz bo‘ylab barcha tuman va shaharlardagi ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda faoliyat olib borayotgan yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Ularning qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va yanada oshirish maqsadida sog‘lom raqobat ruhida o‘tkaziladigan intellektual o‘yinlarning o‘rni va ahamiyati katta.
Shu kabi omillarni inobatga olgan holda "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida Yoshlar ishlari agentligi hamda "Zakovat" intellektual klubi NNT hamkorligida "Zakovat" intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Ahamiyatli jihati shundaki, "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida tashkil etilgan "Zakovat" bahslari ilk bor besh bosqichda: mahalla bosqichi, sektor bosqichi, tuman (shahar) bosqichi, hududiy bosqich va final bosqichidan iborat shaklda tashkil etildi.
Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan intellektual o‘yinlarda jami 725 ming 583 nafar zakovatchilar ishtirok etdi.
Murosasiz kechgan bahslarda intellektual salohiyatli, har jabhada ilmli bo‘lgan yoshlar saralandi va final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shunga ko‘ra, "Zakovat" intellektual o‘yinining final bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 ta hududdan jami 294 nafar ishtirokchidan tashkil topgan 42 ta jamoa ishtirok etdi.
Final bosqichining g‘olib va sovrindorlari munosib tarzda mukofotlandi. Jumladan, yakuniy bosqichda birinchi o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritgan jamoa 100 million so‘m pul mukofoti, ikkinchi o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritgan jamoa 60 million so‘m pul mukofoti, uchinchi o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritgan jamoa esa 40 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA